Blinken Ammanda arab yetakchilari bilan uchrashdi

Olam

image

Kecha, 4 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Iordaniya poytaxti Ammanda Yaqin Sharqdagi muhim davlatlar vakillari bilan uchrashib, Isroilning HAMAS bilan urushini muhokama qildi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.

Blinken Ammanda Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va Qatar Tashqi ishlar vazirlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan. 

“Urushdagi gumanitar pauza (sulh emas) G‘azoga keladigan yordam miqdorini maksimal darajada oshiradi va Qo‘shma Shtatlar bu narsaga katta e’tibor qaratmoqda", degan Blinken yig‘ilishda.

Qatar tomoni esa Isroilning davom etayotgan bombardimonlari HAMAS garovga olgan kishilarni ozod qilishdagi vositachilik harakatlarini qiyinlashtirayotganini aytgan.

Misr va Iordaniya rasmiylariga ko‘ra, G‘azoning urushdan keyingi istiqbollarini, ya’ni “HAMASsiz kelajak”ni muhokama qilishga hozircha erta.

“Biz bor e’tiborni hozirgi inqirozga qaratishimiz kerak”, degan Misr Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri.

AQSH Davlat kotibi Livan Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Najib Mikati bilan ham ko‘rishgan. Blinken unga "Livan xalqi o‘zi istamaydigan urushga tortilishiga qarshi chiqqani" uchun minnatdorlik bildirgan.

Ma’lumot uchun, Blinken 2-10 noyabr kunlari Yaqin Sharq va Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safar qiladi. U Anqara, Tokio, Seul va Nyu-Dehliga borishni rejalashtirgan. Iroqning “Baghdad” axborot portali Blinken bugun, 5 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan Bag‘dodga kelishi haqida xabar bergan.

Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida uchinchi marta Isroilga borgan, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, Prezident Isxaak Gersog va boshqa rasmiylar bilan uchrashgandi. Blinken Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilga G‘azo sektoridagi falastinlik tinch aholi o‘rtasidagi talofatlarni minimallashtirishga qaratilgan "aniq qadamlar"ni taklif qilganini bildirgandi. Biroq Netanyaxu Isroil shiddatli hujum uyushtirayotgan G‘azo sektorida HAMAS tomonidan ushlab turilgan mahbuslarni ozod qilmasdan, vaqtinchalik gumanitar sulh tuzish taklifini rad etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Blinken Ammanda arab etakchilari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing