Blinken Moldova va Chexiyaga boradi. AQSH Sharqiy Yevropadagi vaziyatdan xavotirda

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning Ukrainadagi yutuqlari, Kremlning Moldovaga potensial aralashuvi va Gruziyada moskvaparast qonunlar qabul qilinishidan xavotirlar kuchaygan bir paytda, shu hafta Sharqiy Yevropaga boradi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

Blinken dastlab Moldova poytaxti Kishinyovga boradi hamda 30-31 may kunlari Pragada NATO Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida ishtirok etadi. Uchrashuv iyul oyida Vashingtonda NATOning 80 yilligiga bag‘ishlangan yetakchilar sammiti oldidan so‘nggi yirik diplomatik yig‘in bo‘ladi.

Ushbu tashrif Blinkenning Ukrainaga kutilmagan tashrifidan ikki hafta o‘tib sodir bo‘lmoqda. “Amerika ovozi”ning yozishicha, Rossiya Moldovada yangi harakatlarni ko‘rib chiqayotgani va Gruziyadagi G‘arbga qarshi harakatlarning ortida turgani, bu esa o‘z o‘rnida Qo‘shma Shtatlarning Moldova va Gruziyani Yevropaga integratsiya qilish istagiga zid ekanini aytmoqda.

“Blinken Kishinyovda Moldova Prezidenti Mayya Sandu bilan uchrashib, AQSH Moldovaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

AQSHning Yevropa bo‘yicha bosh diplomati Jeyms O’Brayenning aytishicha, Blinken Moldovaga "kuchli" yordam paketini e’lon qiladi.

"Biz hozirda to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy tahdidni ko‘rmayapmiz, ammo Rossiyaning ta’sir qilish operatsiyalari davom etmoqda va bu tashvish uyg‘otmoqda", degan O’Brayen jurnalistlarga yordam paketi haqida batafsil ma’lumot bermasdan.

Moldova bir necha bor Rossiyani mamlakatga qarshi "gibrid urush" olib borishda, mahalliy saylovlarga aralashishda va hukumatni ag‘darish va mamlakatni Yevropa Ittifoqiga a’zolik yo‘lidan qaytarish uchun keng ko‘lamli dezinformatsion kampaniyalar olib borishda ayblagan.

Rossiya bu ayblovlarni rad etishiga qaramay, Moldova hukumati Moskvaning niyatidan ehtiyot bo‘ladi. 

Pragada esa Blinken Chexiya Tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy va boshqa rasmiylar bilan uchrashib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, jumladan, Chexiyaning Kiyevga qo‘shimcha o‘q-dorilar yetkazib berish tashabbusini muhokama qiladi va so‘ngra NATO yig‘ilishida ishtirok etadi.

Ukraina kun tartibidagi asosiy masala bo‘lsa-da, NATO vazirlari Ukraina kabi NATOga a’zo bo‘lishga intilayotgan Gruziyadagi voqealarni ham muhokama qiladi. Ko‘pchilikning fikricha, Gruziyaning G‘arb tomon intilishlarini barbod qilish uchun qabul qilingan “xorijiy agentlar” haqidagi qonun loyihasi bo‘yicha mamlakatda tortishuvlar bor.

Eslatib o‘tamiz, ikki hafta muqaddam AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga borgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Chexiya Moldova Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing