“Bizga muddati o‘tgan Prezident kerak emas” – Peterburgda Putinga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi
Olam
−
16 mart 2020
14108Kecha, 15 mart kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Konstitutsiya janozasi” nomli aksiya o‘tkazildi. U Konstitutsiyaga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning prezidentlik muddatiga oid o‘zgartirish kiritishga qarshi o‘tkazildi. Namoyish qatnashchilari Konstitutsion sud binosi oldiga gul qo‘yishga keldi.
Namoyish qo‘lga olishlar bilan yakunlandi. Politsiya xodimlari mahalliy deputat Aleksey Kasatkinni ham hibsga oldi. Huquqni himoya qiluvchi “OVD-Info” loyihasi ma’umotiga ko‘ra, jami 25 kishi qo‘lga olindi.
Deputat Aleksey Kasatkin Konstitutsion sud oldida Aleksandr Galich she’rini o‘qigan, so‘ng qo‘lga olinayotgn namoyishchilarni himoya qilishga uringan. Shundan keyin deputat o‘zi hibslangan. Uning qo‘lga olinishini boshqa bir deputat Maksim Reznik tasvirga olgan.
Deputat o‘zini tanishtirib, guvohnoma ko‘rsatgani bilan politsiya uni inobatga olmay, o‘z ishida davom etgan. “OVD-Info” ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlarni uchta turli politsiya bo‘limiga olib ketishgan. Namoyish vaqtida “Ochiq Rossiya” muxolif tashkiloti raisi Anastasiya Burakova ham hibsga olingan.
Burakovaning o‘zi 1993 yildagi Konstitutsiya xotirasiga gul qo‘ymoqchi bo‘lganida qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
“Bu uchinchi yodgorlik: bungacha Konsitiutsion sud oldiga qo‘yilgan gul va Konstitutsiyani ikki marta formasiz kimsalar vayron qildi”, degan Burakova.
Namoyishchilar gul qo‘yganidan keyin Konstitutsion sud qarshisidagi imperator Pyotr I haykali oldida yakka tartibli piket boshlagan. Namoyishchilarning qo‘lidagi plakatlarda quyidagi shiorlar bitilgandi:
“Konstitutsiyadagi o‘zgartirishlarning hammasi inson uchun, inson farovonligi uchun. Biz hatto u odamning ismini ham bilamiz”;
“Muddatni nolga tenglashtirish – hokimiyat uzurpatsiyasi”;
“Siyosiy mahbuslarning muddatini noga tenglashtiring”;
“Bizga muddati o‘tgan Prezident kerak emas”;
“Nolga tenglashtirilgan Putin – ertangi qorong‘ulik kafolati”.
Qo‘lga olinganlar orasida “Nablyudateli Peterburga” jamoat tashkiloti muvofiqlashtiruvchisi mariya Moldavskaya ham bor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Endilikda hujjatni Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudiga ko‘rib chiqadi va butun qonun umumxalq tasdig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi.
LiveBarchasi