“Bizga hokimiyatni bering”. Qilichdoro‘g‘li yuruklardan ovoz so‘radi

Olam

image

Bugun, 22 avgust kuni Mersindagi “2-Qardosh ko‘chmanchilar — yuruklar tadbiri”da so‘zga chiqqan Jumhuriyat xalq partiyasining (JXP) lideri Kamol Qilichdoro‘g‘li yuruklar (Anadolu tog‘larida an’anaviy ko‘chmanchi yoki yarim ko‘chmanchi hayot tarzini saqlab qolgan turkman qabilalari) dan ovoz so‘radi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

“Turkiyaning qaysi burchagida yuruk chodiri bo‘lmasin, u yerga xizmat, ta’lim xizmati, elektr energiyasi va maktab xizmatlarini yetkazib berishga qasam ichganmiz. Biz buni amalga oshiramiz, lekin sizning qo‘llab-quvvatlashingizni so‘raymiz. JXP uchun ovoz berishingizni so‘raymiz. Bizga hokimiyatni bering va xizmatlar qanday ko‘rsatilishini, ma’naviy qadriyatlar qanday hurmat qilinishini ko‘rasiz – bularning barchasini amalga oshiramiz”, deydi partiya yetakchisi.

Asosiy muxolifat partiya lideri Kamol Qilichdoro‘g‘li Mersinda o‘tkazilgan “2-Qardosh ko‘chmanchi yuruklar festivali”da ishtirok etgan. Qilichdoro‘g‘liga mamlakat bayrog‘i, kepka, yuruklar ro‘moli, tasbeh va ushbu mintaqada o‘sadigan demirjik yog‘ochidan o‘yib ishlangan yuruklar hassasi sovg‘a qilingan.

“Ijozat bersangiz, o‘z fikrlarimni Qorajoo‘g‘lonning to‘rtligi bilan ifoda etsam: Tog‘lardagi qorlar erisin, erisin. Erib, tekisliklarni qoplasin. Turkman begi o‘z yayloviga tomon yo‘l olsin. Qo‘zichoqlar ma’rasin, biz ham yo‘lga tushaylik. Hozir qo‘zichoqlar ma’raydigan va ko‘chmanchilar yaylovga ko‘tariladigan vaqt. Shu sababli bu yerda bo‘lishdan, siz bilan birga bo‘lishdan, yuruklar bayramida ishtirok etishdan juda ham baxtiyorman. Alohida ta’kidlashni istardimki, mening ildizlarim ham yuruklarga borib taqaladi, men yuruklar madaniyatini bilaman va bolaligimda ushbu madaniyat ichida yashaganman.

Biz Asrlar davomida Tovr tog‘larida yashab kelayotgan madaniyat, turmush tarzi, solidarlik ruhi va ushbu zamin xotirasini saqlab qolish uchun yig‘ildik. Yuruk bo‘lish – bu shunchaki ko‘chmanchi hayot kechirish degani emas. Yuruk – bu ozodlikdir. Yuruk – bu peshona teridir. Yuruk – bu hamjihatlikdir. Yuruk – qiyin sharoitlarda ruhan tushkunlikka tushmaslik, nonni baham ko‘rish, qo‘shnining muammosini o‘z muammosi deb bilishdir. Yurukliklar – bu Tovrning tik so‘qmoqlarida, yaylovlarning salqinida va tekisliklarning issig‘ida shu kunlargacha yetkazilgan buyuk merosdir”, deydi Qilichdoro‘g‘li. 

Uning aytishicha, bu meros shunchaki o‘tmish xotirasi emas, balki kelajakka olib o‘tadigan ulkan qadriyat. Bugun qardosh ko‘chmanchilar sifatida uchrashuvning ma’nosi ham aynan shunda. 

“Chunki bizni nafaqat rang-barangligimiz, balki ushbu rang-baranglikni qardoshlikda saqlab qolish qobiliyatimiz ham kuchli qiladi. Yuruk madaniyatining eng muhim qadriyatlaridan biri – bu baham ko‘rish san’atidir. Dasturxon atrofiga o‘tirganda – nonni bo‘lishish. Chodir qurganda – qo‘shniga joy topish. Musibat tushganda – “bu mening ishim emas” demaslik. Anadoludagi qardoshligimizning asli mohiyati va xamirmayasi aynan shundadir”, deydi Qilichdoro‘g‘li.

JXP raisining aytishicha, Tovr chodiri – bu Turkiyaning umidi. 

“Hech kim unutmasin: Tovr chodiri – bu Turkiyaning umididir. Bugungi kunda yuruk madaniyatini saqlab qolish — bu nafaqat qo‘shiqlarimiz, raqslarimiz, kiyimlarimiz va taomlarimizni asrash deganidir. Eng muhimi – yuruk mehnatini himoya qilishdir. Bu chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarimizning muammolarini hal qilishni anglatadi. Bu chorvadorning yo‘li, yaylovdagi suv va elektr energiyasi haqida qayg‘urishni anglatadi. Bu ishlab chiqaruvchi o‘z mehnatiga munosib haq olishini ta’minlashni anglatadi. Bu yoshlarimizga o‘z mamlakatida kelajak barpo etish yo‘lini ochib berishni anglatadi. Shahar hokimimiz mahalliy boshqaruv doirasida yuruklarga tegishli barcha tashabbuslarni shu yerda taqdim etdi. Biz nafaqat Mersinda, balki Turkiyaning qaysi burchagida bo‘lmasin, har bir yuruk chodiriga xizmatlarni – ta’lim, elektr energiyasi va maktablarni yetkazib berishga qasam ichganmiz. Biz buni amalga oshiramiz, lekin sizning qo‘llab-quvvatlashingizni so‘raymiz. JXP uchun ovoz berishingizni so‘raymiz. Bizga hokimiyatni bering va xizmatlar qanday ko‘rsatilishini, ma’naviy qadriyatlar qanday hurmat qilinishini ko‘rasiz – bularning barchasini amalga oshiramiz”, deydi u.

Qilichdoro‘g‘liga ko‘ra, shu sababli siyosatga bo‘lgan yondashuv shunchaki saylovdan saylovgacha odamlarning eshigini qoqish emas, balki ularning hayotiga daxldor bo‘lgan muammolarni hal qilish. Muammolarni hal qilmaydigan siyosatning o‘zi muammoga aylanadi. 

“Agar yuruk qardoshlarimizning chorvasi bo‘lsa, siyosat ozuqa narxi haqida gapirishi shart, agar ular yaylovga ko‘tarilsa, ularning transporti haqida, agar mahsulot ishlab chiqarsa, sotish bozori haqida, agar farzandlari o‘qiyotgan bo‘lsa, ularning ta’limi haqida qayg‘urishi shart. Chunki siyosat inson hayotiga daxldor bo‘lgandagina ma’no kasb etadi. Sizning chodirlaringiz – bu Mustaqillik urushi chodirlaridir. Sizning chodirlaringiz – kambag‘allar to‘ydirilgan chodirlardir. Sizning chodirlaringiz – peshona teri muqaddas sanaladigan makonlardir. Sizning chodirlaringiz – Turkiyaning har bir fuqarosi uchun faxr-iftixordir. Siz buni bilishingiz kerak. Bu chodir – qarshilik va sabotdir. Bu chodir – ko‘kka ko‘tarilayotgan tutun va umiddir. Bu chodir – bir vaqtning o‘zida xalqimizning mustaqillikka bo‘lgan irodasidir. Modomiki Tovrda yuruk chodiri bor ekan, u yerda hamjihatlik bor, umid bor, non bor, mehnat bor va qardoshlik bor”, deydi siyosatchi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda Turkiyada ikki bosqichda prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Birinchi bosqichda hech bir nomzod 50 foizdan ortiq ovoz ololmagani sababli, 28 may kuni ikkinchi bosqich saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an g‘alaba qozondi. Erdo‘g‘an ikkinchi bosqichda ovozlarning 52,18 foizini qo‘lga kiritib, asosiy raqibi, muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘lini ortda qoldirdi. Bu bilan Erdo‘g‘an yana 5 yil muddatga prezident lavozimida qoladigan bo‘ldi. Qilichdoro‘g‘li esa 47,82 foiz ovoz oldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasining sud qarori bilan lavozimidan chetlatilgan sobiq raisi O‘zg‘ur O‘zel partiyadan rasman chiqishi va yangi siyosiy partiya tuzayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing