Xayr, Qilichdoro‘g‘li! O‘zingni bos, Erdo‘g‘an!

Olam

Kecha, 28 may kuni tuni bilan dunyo bo‘ylab ko‘plab mamlakatlar mijja qoqmadi. Barchaning diqqat-e’tibori Turkiyaga qaratilgandi. Chunki aynan kecha Turkiya xalqi mamlakatdagi eng muhim siyosiy jarayon – prezidentlik saylovini boshdan kechirdi.

Ikkinchi bosqichga qoldirilgan saylov, kecha 28 may kuni bo‘lib o‘tdi. Har bir fuqaroning ovozi muhim, har bir ovoz vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuborish qobiliyatiga ega edi. Shu boisdan kelin-kuyovlar deysizmi, efelar, yo‘ruklar, kavkaz turklari deysizmi, hamma o‘z fuqarolik huquqidan to‘la foydalandi. Hatto, saylov uchastkalarining eshiklari echki, mushuk va kuchuklar uchun ham ochiq bo‘ldi.

Biroq saylov tugaganidan 2-3 soat vaqt o‘tib-o‘tmay esa kim g‘alaba qozongani aniq bo‘lib qoldi. Ko‘cha to‘la odamlar bayram qilishga tushdi. Qo‘shiqlar kuylandi, Turkiya bayroqlari ko‘tarildi.

Asosiy nomzodlarning to‘plagan ovozlari soni quyidagicha bo‘ldi:

  • Rajab Toyib Erdo‘g‘an – 52,14 %;
  • Kamol Qilichdoro‘g‘li – 47,86 %.

Mamlakatda Erdo‘g‘anning g‘alabasi e’lon qilindi.

Erdo‘g‘an o‘z g‘alabasini Istanbulda avtobus ustiga chiqib, qo‘shiq aytib nishonladi. Unga esa rafiqasi Emine Erdo‘g‘an hamrohlik qildi.

Shuningdek, u ilk tabriklarni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Liviya Bosh vaziri tomonidan qabul qilib olgani va ular lozim bo‘lsa, Turkiyaga yetib borishga tayyor ekanini aytdi.

Biroq Rajab Toyib Erdo‘g‘an shu yerda ham tinch o‘tirmadi, g‘alabasini nishonlash bilangina cheklanmadi. Aksincha, o‘ziga muxolif bo‘lgan barcha partiyalar, xususan “Yaxshilik”, “Jumhuriyat Xalq” va “Xalq Demokratik” partiyalarini besoqolbozlikda aybladi. Asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘lining ustidan esa ochiqchasiga kuldi.

Shundan so‘ng, Erdo‘g‘anning yagona ayol muxolifatchisi va Millat Ittifoqiga birlashib, Kamol Qilichdoro‘g‘li nomzodini qo‘llagan “Yaxshilik” partiyasi rahbari Meral Akshener saylov natijalari, xususan, Erdo‘g‘anning g‘alabasini tan olishini aytib chiqish barobarida Erdo‘g‘anga yaxshigina dakki berib qo‘ydi. 

“O‘ylaymanki, g‘alaba nashidasi uning ko‘zini yana ko‘r qilmaydi, tuhmat va haqoratlarni to‘xtatadi. O‘ylaymanki, uni saylagan va saylamagan har bir fuqaroning Prezidenti ekanini bu safar qabul qiladi va shunga ko‘ra ish tutadi”, deydi Akshener.

Shuningdek, u Erdo‘g‘anning Istanbuldagi g‘alaba nutqida raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘lining ustidan kulib, minglab odamlarni ham uni haqorat qilishiga yo‘l qo‘yib berganini qoraladi. 

“Hurmatli Kamol Qilichdoro‘g‘lini katta zavq-shavq bilan o‘ziga qarsak chalgan bu mamlakat fuqarolariga haqorat qildirdi. Bu yangi saylangan, hozirgina saylangan, endigina ovozlari saylov qutisidan olinayotgan davlat rahbariga yarashmaydi”, deydi Akshener.

Erdo‘g‘anning raqibi – saylovda unchalik katta bo‘lmagan foizlar bilan yutqazgan Millat Ittifoqidan nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘zining 6 daqiqalik nutqida oxirgi yillarning eng adolatsiz saylovini boshdan o‘tkazganini aytdi.

Uning fikricha, o‘tgan prezidentlik saylovida davlatning barcha imkoniyatlari bir siyosiy partiyaga safarbar etilgan, bir insonning oyoqlari ostiga tashlangan.

Uning gaplariga Prezident Erdo‘g‘an parvo qilmadi va Anqaraga, Beshtepa saroyiga uchib ketdi. U yerda esa balkonda nutq so‘zladi, shundan so‘ng Xalq ittifoqi yetakchilari va Sinan O‘g‘an bilan g‘alabani birga nishonladi.

Kamol Qilichdoro‘g‘li esa kurashni davom ettirishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Kamol Qilichdoro'g'li prezidentlik saylovi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing