O‘zg‘ur O‘zel yangi partiya tuzishini e’lon qildi

Olam

image

Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasining (CHP) sud qarori bilan lavozimidan chetlatilgan sobiq raisi O‘zg‘ur O‘zel partiyadan rasman chiqishi va yangi siyosiy partiya tuzayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 21 iyul kuni parlamentdagi partiya deputatlari oldida qilgan nutqida so‘z ochdi.

“Bugun biz qayg‘uli, ammo muqarrar va vaqti kelgan xayrlashuv arafasida turibmiz. Biroq xalqimizga shuni aytmoqchimizki, biz yangi boshlanish umidini o‘zimiz bilan olib ketyapmiz”, degan O‘zg‘ur O‘zel parlamentdagi chiqishida.

Shuningdek, u yangi partiya tuzilayotganini e’lon qilgan va ertagayoq birinchi qadam tashlanishini bildirgan.

“Biz yangi partiya tuzmoqdamiz. Barcha texnik protseduralar yakunlangach, yangi siyosiy kuchni rasman ta’sis etamiz. Ertagayoq birinchi qadamni tashlaymiz. Bugun ushbu minbar bilan xayrlashar ekanmiz, biz aslo bosh muxolifat partiyasining minbarini tark etayotganimiz yo‘q”, deydi u.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida Turkiya sudi Jumhuriyat xalq partiyasining 2023 yilgi qurultoyini haqiqiy emas deb topgan edi. O‘sha quriltoyda O‘zg‘ur O‘zel partiya raisi etib saylangan bo‘lib, sud qarorda saylov jarayonida qonunbuzarliklar bo‘lganini asos qilib ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng, sud qarori bilan partiyaning sobiq rahbari, 2023 yilgi prezidentlik saylovida Rajab Toyib Erdo‘g‘anga mag‘lub bo‘lgan Kamol Qilichdoro‘g‘li yana JXP raisi lavozimiga tiklangan.

Turli xorij OAVlariga ko‘ra, bu qaror Erdo‘g‘an muxoliflariga qarshi misli ko‘rilmagan bosim kuchaygan bir paytda qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning avgust oyida Erdo‘g‘an Turkiyadagi asosiy muxolifat O‘zg‘ur O‘zelga qarshi 1 million turk lirasi (taxminan 24,5 ming AQSH dollari) miqdorida ma’naviy zarar to‘lash talabi bilan sudga da’vo arizasi bergan edi. Mamlakat rahbari bunga sabab qilib O‘zelning Istanbuldagi mitingda mart oyida korrupsiya ayblovi bilan hibsga olingan Ekrem Imomo‘g‘lining qamoqqa olinishi uchun aybni Erdo‘g‘anga yuklaganini keltirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing