Erdo‘g‘anga yutqazgan Qilichdoro‘g‘li sudga tortilishi mumkin

Olam

image

Turkiya prezidentlik saylovlarida amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga yutqazgan muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li deputatlik maqomidan mahrum bo‘ldi. Endi u o‘ziga nisbatan qo‘yilgan 40 ga yaqin ayblov bo‘yicha sudga berilishi mumkin. Bu haqda “DW Turk” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qilichdoro‘g‘li 2002 yildan buyon parlament deputati sifatida daxlsizlik huquqidan foydalanib keladi. Biroq, bu yil u prezidentlikka nomzodini qo‘ygani uchun parlament saylovlarida ishtirok etmagan. Endilikda unga nisbatan qo‘yilgan 40 ga yaqin jinoiy arizadan birortasi prokuratura tomonidan ma’qullansa, u sudga tortiladi. Da’volar ichida 16 tasi “Prezidentni haqorat qilish, tahdid qilish va tuhmat qilish” ayblovi hisoblanadi.

Qilichdoro‘g‘lining deputatlik daxlsizligi yangi parlament 2 iyun kuni qasamyod qabul qilib, ishga kirishishi bilan tugaydi. Bungacha 2016 yilda Turkiya Buyuk Millat Majlisida mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirish bilan deputatlarning o‘sha kungacha bo‘lgan jinoiy ishlari bo‘yicha daxsizligi bekor qilingan edi. O‘shanda Qilichdoro‘g‘lining 60 ga yaqin ishi ko‘rib chiqilgan. Ularning aksariyati muxolifat yetakchisining foydasiga hal bo‘lgan. Qolgan ishlar Qilichdoro‘g‘li 2018 yilda parlament a’zoligiga qayta saylanganidan keyin to‘xtatilgan. 2016 yildan buyon to‘xtatilgan ishlar endi uning daxlsizligi olinishi bilan yana qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Mazkur holatda prokuratura ulardan birortasida jinoyat alomati bor deb topsa, uning ishi sudga oshiriladi.

Unga qo‘yilgan ayblovlar tarkibi quyidagicha:

  • sud jarayoniga ta’sir o‘tkazishga urinish – 1 ta;
  • omma oldida haqorat qilish – 1 ta;
  • mansabdor shaxslarni o‘z burchi yuzasidan haqorat qilish – 3 ta;
  • qo‘mitalarda faoliyat yuritayotgan mansabdor shaxslarni o‘z xizmat vazifalari yuzasidan haqorat qilish – 3 ta;
  • tergov sirini oshkor qilish – 1 ta;
  • jinoyat va jinoyatchining yonini olish – 1 ta;
  • tahdidli da’vo – 1 ta.

Shuningdek, Millat Ittifoqining qolgan a’zolari ham vitse-prezidentlikka nomzod bo‘lganlari uchun parlament a’zosi bo‘la olmagan. Shu sababdan, Meral Akshener, Ali Bobojan, Ahmad Dovuto‘g‘li, Gultekin Uysal va Temel Karamullao‘g‘lilar ham hozirda deputatlik daxlsizligiga ega emas. Prokuratura ularning ishlari bo‘yicha ham da’vo ochish imkoniyatiga ega. Bular orasidan Erdo‘g‘anning yagona ayol muxolifatchisi Meral Akshenerga qarshi 2016 yilda qo‘zg‘atilgan Fathulloh Gulen tashkiloti a’zosi bo‘lganlik ayblovi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, muxolifatning yana bir vakili Ekrem Imomo‘g‘liga nisbatan Turkiya Oliy saylov komissiyasi a’zolarini haqorat qilgani uchun berilgan 2 yil 7 oy 15 kunlik qamoq jazosining apellyatsiya bosqichi davom etmoqda. Agar apellyatsiya da’vosi qabul qilinmasa, u siyosiy ta’qiqqa uchrashi va 2024 yilgi mahalliy saylovlarda qatnasha olmasligi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Kamol Qilichdoro'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing