Biz Rossiyaning Suriyadan ketishini xohlamaymiz – Jo‘loniy

Olam

image

Suriyaning yangi rahbari va “Hayat Tahrir ash-Shom” yetakchisi Ahmad Husayn ash-Shara (Muhammad al-Jo‘loniy ) Rossiya bilan aloqalarni saqlab qolish niyatida ekanini aytdi va mamlakatda to‘rt yil ichida saylovlar o‘tkazishga va’da berdi. Bu haqda u “Al Arabia” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Rossiya – muhim davlat va dunyodagi ikkinchi kuchli mamlakat sifatida tanilgan”, dedi ash-Shara.

Shuningdek, Suriya rahbarining bildirishicha, Rossiya va Suriya o‘rtasida umumiy strategik manfaatlar bor.

“Barcha Suriyadagi qurollar rossiyalik ishlab chiqaruvchilardan olingan va ko‘plab elektr stansiyalarini rossiyalik ekspertlar boshqaradi. Ba’zi odamlar istaganidek biz Rossiyaning Suriyadan ketishini xohlamaymiz”, dedi ash-Shara.

Kecha, 29 dekabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov RIA Novosti'ga bergan intervyusida Rossiyaning harbiy bazalari kelajakda yangi Suriya hokimiyati bilan muzokara ob’ekti bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

“Gap faqat bizning bazalarimizni yoki tayanch nuqtalarimizni saqlab qolish haqida emas, balki ularning ishlashi, saqlanishi va ta’minlanishi, mahalliy tomon bilan hamkorlik qilish shartlari haqida”, dedi Lavrov.

Shuningdek, Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan va o‘zining bu maxfiy taxallusidan voz kechgan ash-Shara hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng ilk bor Suriyada saylovlar qachon bo‘lishi mumkinligini aytdi.

“Saylov jarayoni to‘rt yil vaqt olishi mumkin”, dedi u.

Ash-Shara buni saylovni tashkil etish uchun huquqiy tizimni tiklash va aholini ro‘yxatga olish zarurligi bilan izohlagan.

Shuningdek, u yangi konstitutsiya tuzish uchun uch yilgacha vaqt ketishi, davlat idoralarining samaradorligini sezilarli darajada yaxshilash uchun esa bir yil kerak bo‘lishini bildirgan.

Bundan tashqari, al-Shara “Hayat Tahrir ash-Shom”ni tarqatishni rejalashtirayotgani va bu jarayonni yaqinda bo‘ladigan Milliy konferensiyada amalga oshirishini ma’lum qilgan. Bu esa Suriyada jamiyatning turli qismlari o‘rtasidagi muloqotni boshlashga imkon beradi. U aniq nima demoqchi ekanligi va bu jarayon qanday amalga oshishini tushuntirmagan.

HTSH ilgari bir qator davlatlar terroristik tashkilot sifatida tasniflaydigan ISHID va “Al-Qoida” bilan aloqada bo‘lgan, ammo hozirda ash-Shara boshchiligidagi qurolli harakat ular bilan barcha aloqalarni uzgan va etnik ozchiliklar huquqini himoya qilish hamda mo‘’tadil mafkuraga amal qilishni maqsad qilganini bildirgan.

BBC'ning Yaqin Sharq bo‘yicha sharhlovchisining bildirishicha, konferensiyaga mamlakatning turli siyosiy vakillari, hamjamiyat vakillari, shuningdek, fuqarolik jamiyati, jumladan, ayollar huquqlarini himoya qiluvchi faollari taklif qilingan.

“Konferensiya yangi Suriya hukumatining Suriya hududini birlashtirish bo‘yicha bergan va’dalariga amal qilishi yoki qilmasligini tekshirish uchun birinchi imkoniyat bo‘ladi”, deydi sharhlovchi.

HTSHning yangi o‘tish davri hukumati faqat o‘z vakillaridan tashkil topgan bo‘lib, ba’zilar bu holatni tanqid qilgan va hukumatga boshqa guruh vakillarining kiritilmaganini ta’kidlagan. Bu tanqidga ash-Shara, hukumatning asosiy a’zolarini tayinlaganini va hech kimni kamsitishni xohlamasligini aytib javob bergan.

Suriya aholisi turli etnik va diniy guruhlardan iborat, jumladan, kurdlar, armanlar, ossuriyaliklar, xristianlar, druzlar, alaviy shialar va arab sunniylar. Arab sunniylar mamlakatda ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Ash-Shara mintaqaviy kuchlar, shu jumladan kurdlarni milliy Suriya armiyasining tarkibiga kiritishni va’da bergan.

“Qurol faqat davlat qo‘lida bo‘lishi kerak. Biz qurolga ega bo‘lgan va Mudofaa vazirligiga qo‘shilish uchun yetarlicha malakaga ega bo‘lgan har qanday kishini qabul qilamiz”, dedi u.

Shu bilan birga, Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlari monitoring markazining (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi hafta ichida Suriyada Asad rejimi bilan aloqada bo‘lgan deb hisoblangan taxminan 300 kishi hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ahmad ash-Shara Damashqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda Turkiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nuh Yilmaz, Turkiyaning Damashqdagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Burhon Kero‘g‘li va Suriya muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Asad Hasan al-Shiboniy ham ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing