Biz gaykani haddan tashqari burab qo‘ymayapmizmi? Deputat stiker masalasida e’tiroz bildirmoqda
Jamiyat
−
20 aprel 2020
16165Ayni karantin payti ayrim fuqarolardan bir masalada ketma-ket murojaatlar tushyapti: maxsus ruxsatnomaga (stiker) ega bo‘lmagan avtomobillar Ichki ishlar xodimlari tomonidan jarima maydonchalariga olib borib qamab qo‘yilayotgani ko‘p marta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu qanchalik qonuniy? Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev o‘zining mulohazalarini bildirmoqda.
“Hozirgi kunda biz Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu masalani chuqur o‘rganishga kirishdik. Ko‘pchilik deputatlarning dastlabki fikri quyidagicha:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksi 54-moddasiga muvofiq huquqbuzarga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirib, jarima qilish va uyiga qaytishga majburlash kifoya qiladi. Stikersiz avtomobilni jarima maydonchasiga olib borib qamab qo‘yish qonunchiligimizda ko‘zda tutilmagan.
Ikkinchidan, sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun milliy qonunchiligimizda bitta javobgarlik belgilangan bo‘lib, fuqaroni ikki marta jazoga tortish ana shu adolatli prinsipga to‘g‘ri kelmaydi.
Uchinchidan, karantin davrida yurtdoshlarimiz ishsiz, daromadsiz qolgan bir paytda ularning turmushini yanada murakkablashtirish qanchalik to‘g‘ri? Biz gaykani haddan tashqari burab qo‘ymayapmizmi? Shundog‘ ham karantindan qiynalayotgan fuqarolarimizga bu juda og‘irlik qilmaydimi?!
Albatta, karantin sharoitida kasallik ommaviy tarqalmasligi uchun biz albatta qattiqqo‘l bo‘lishimiz kerak, lekin me’yorni (ham huquqiy va ham insoniy ma’nodagi me’yorni) unutmagan holda!”, deydi deputat.
LiveBarchasi