“Bosar-tusarini bilmagan deputat” mashmashasi: kim haq-u kim nohaq?
Tahlil
−
19 aprel 2020
40414Shu kunlarda IIVning “bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavhasi jiddiy muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Unda xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati T.M. va Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida turadigan ichki ishlar xodimlari janjali aks etgandi.
Xodimlar deputat mashinasining majburiy sug‘urta qilingan sanasi eskirganini aytib, avtoulovni jarima maydoniga olib bormoqchi bo‘lgan. U esa deputatlik daxlsizligi huquqi mavjudligini aytib, bunga ularning haqqi yo‘qlini tushuntirgan. Kimdir IIV xodimlarining mazkur ishini oqlab, deputatni tanqid qilsa, kimdir videoda voqealar to‘liq aks etmaganini aytib, e’tirozlarini bildirmoqda.
“Deputat mashmashasi” nimadan boshlandi?
Lavha deputatlar tomonidan (hammasi, ayrim deyilmagan) daxlsizlik huquqi vaj qilinib, IIV xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, o‘z xizmat vazifalarini suiste’mol qilish holatlari kuzatilayotganidan boshlangan. Misol tariqasida aytilgan Qo‘qon shahridagi voqea tushunarli, unda rostan ham deputat ayb qilgandi.
Ammo ushbu holatga, ya’ni IIV xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik holatiga mos tushmagan va shifokorlar avtomobildan foydalanishga haqli ekanini aytib, IIV xodimlarini tanqid qilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maxfirat Xushvaqtovaning misol tariqasida videoda keltirilgani juda g‘alati chiqqan. Bu holat rus tilidagi “ne v temu” iborasiga tushmaydimi?
Videoda avvaliga deputat T.M. sport kiyimida bo‘lgan vaqti ko‘rsatiladi. Unda deputat guvohnomasi borligi va bu unga mashinani majburiy sug‘urtasiz boshqarish huquqi berishini ro‘kach qilgani kadr ortidagi muallif nomidan aytilgan. Qonunga qaraydigan bo‘lsak, deputatlarda sug‘urtasiz deputatlik guvohnomasi asosida mashina boshqarish huquqi mavjud emas. Ammo lavhada aynan deputat shu gaplarni aytgan qismi qo‘yilmagani savollarni anchayin ko‘paytiradi. Balki, deputat shu gaplarni aytgandir. Biroq nega shu qism videoga qo‘yilmadi?
Lavha davomida xuddi shunday voqea aynan mana shu deputat bilan ikkinchi marta yuz bergani aytiladi. 2020 yil 15 aprel kuni soat 21:45 larda Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati T.M. o‘ziga tegishli bo‘lgan “Matiz” rusumli avtomashinasida sherigi bilan birga, Yangiqo‘rg‘ondan kelayotib, “Qizilko‘prik” postidan Namangan shahriga kirmoqchi bo‘lganida IIB xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Shunda deputat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi katta inspektori, mayor Ilhomjon Abdurahmonovning qonuniy talablarini bajarmagan. Deputat mayorning qo‘liga urganda, uning qo‘l telefoni yerga tushib shikastlanganligi aytiladi.
Ushbu jarayon haqiqatda sodir bo‘lgan bo‘lsa, bunga albatta huquqiy ta’sir chorasi ko‘rilishi shart. Hech kimning IIV xodimining qo‘liga urib, qonuniy talablarini bajarmaslikka haqqi yo‘q. Ammo deputat nima sababdan inspektorning qo‘liga urgan? O‘zidan-o‘zi urmagan bo‘lsa kerak? Qars ikki qo‘ldan chiqadi, axir. Qo‘liga urganligi haqidagi lavha qayerda? Guvohlar nima deydi? Bu tasvirlar ham yo‘q.
Buning ustiga, deputatning guvohi jarayonni tasvirga olayotganda harbiy kiyimdagi shaxs unga yaqinlashgan va davomiy lavha kesilgan. Ushbu kesilgan lavha keyinchalik chiqib keldi. Birovning shaxsiy mulki bo‘lgan qo‘l telefoni nima sababdan harbiy xizmatchi tomonidan tortib olinmoqchi bo‘ldi? Nega ushbu qism ham IIV Axborot xizmati tomonidan to‘liq shaklda qo‘yilmadi?
Shuningdek, videoda deputat IIV xodimiga qarata “aynan siz urdingiz, shahar deputatiman, hech qaysingning vakolating yo‘q” deb iddao qilgan. Afsus kadr ortidagi muallif bu voqeaga izoh bermagan. Bunda xolislik richagi uzilgandek tuyulmayaptimi, sizga? IIV xodimi deputatni urganmi? Yoki deputat “shantaj” qilmoqdami? Agar IIV shu qismni ham to‘liq qo‘yganida, voqea xolis yoritilgan bo‘lardi, menimcha. Ammo deputatning “formani yech, kambag‘al bola emasman, pulim o‘zimga yetarli” degan gaplari uning kasb talablariga ham, insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydi. Biroq shu yerda ham lekini borda! U nima sababdan bu gaplarni gapirdi? Baribir to‘liq lavha barchasiga aniqlik kiritgan bo‘lardi.
“Shundan so‘ng, postda xizmat faoliyatini olib borayotgan Namangan viloyat IIB YHXB inspektori Husanboy Ziyovuddinov deputatning yoniga kelib, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan. Deputat esa uning xizmat kiyimidan tortib, pogoni va ko‘krak nishonini yulib, boshqa tomonga uloqtirib yuborgan. Balki bu ham deputatning yozilmagan vakolatlaridan biridir”, deydi videolavha ostidagi muallif. Keyin aynan o‘sha inspektor o‘zi chiqib bu voqeani tasvirlaydi.
Ha, bu holat juda achinarli. Deputatning ishini oqlab bo‘lmaydi, har qanaqasiga ham. Bu qilmishi uchun u albatta jazosini olishi kerak. Kerak bo‘lsa, kengashda uning deputatlik faoliyatini davom ettirish masalasi ham ko‘rib chiqilishi tarafdoriman. Biroq bu guvohlar ko‘rsatmasi yoki dalillar asosida o‘z isbotini topishi kerak. "Shantaj"ni hamma qilishi mumkin. Ammo shu o‘rinda IIV Axborot xizmatiga kichik bir e’tirozimni bildirsam. Voqeani tasvirlashda hissiyotlardan uzoqlashsangiz. Nima bo‘lganda ham rasmiy tashkilot nomidan ma’lumot ulashmoqdasiz. “Balki bu ham deputatning yozilmagan vakolatlaridan biridir”, deyish sizlarga yarashmaydi. Bu bilan asl maqsad bildirilib qo‘yilgandek go‘yo, yana bilmadim.
Keyin janjal kattalashgach, deputat IIVga biriktirilgan avtobusga majburlab olib chiqilgan. Voqea tafsilotlari shu yerda tugagan. Ma’lum bo‘lishicha, Namangan shahar prokuraturasi tomonidan 2020 yil 16 aprel kuni jinoyat kodeksi 219-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi ochilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Sud ishga xolis baho beradi degan umiddamiz.
Deputatlar nima deydi?
Shundan so‘ng, holatga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari birma-bir o‘z munosabatlarini bildira boshladi.
“Lekin menga bu holat go‘yo shunchaki tasodif emas, balki negadur YPX xodimlari tomonidan jamoatchilik, xalq orasida deputatlarni obro‘sizlantirish, ularni yomon ko‘rsatish uchun atayin tayyorlangan xolat kabi tuyulmoqda. Ehtimol adashayotgangandirman, lekin video tasvirni montaj qilingani, videoda ko‘rsatilgan gaplar konteksdan uzib-olinib ko‘rsatilganligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Qolaversa, nega qayta-qayta bu odamni deputatligiga urg‘u berilmoqda? Agar qoidani, qonunni buzgan bo‘lsa, qonun oldida javob bersin, tamom. TVga olib chiqib, hamma deputatlarni umumiy tarzda yomon otliq qilish kerak emas”, deydi Doniyor G‘aniyev.
Deputat bu va bu kabi boshqa deputatlarga bog‘lab chiqarilgan salbiy holatlar xuddi deputatlarga “signal” berish uchun, ogohlantirish maqsadida tayyorlangandek tuyulganini aytdi.
“Qolaversa, bunday qo‘pol qoida buzarliklar Ichki ishlar va huquq tartibot idoralari xodimlari, ijro hokimiyat vakillari tomonidan sodir etilmaydimi? Nega ular tomonidan buzilgan qoidabuzarliklar namuna qilinib, jamoatchilikka yoritilmaydi? Yo men ko‘rmay qoldimmi?, deya o‘zining haqli e’tirozlarini sanagan.
Ichki ishlar targ‘ibot yo‘nalishida huquqbuzarlarni fuqaro sifatida emas, jamiyatda egallagan mansab va darajasiga qarab yoritish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan ko‘rinadi. O‘ylashimcha, yaqin vaqtlarda “bosar tusarini bilmaydigan “tadbirkor”, “prokuror”, “hokim”, “soliqchi”, “militsiya” kabi videolar ham chiqsa kerak, agar tenglik va ajratish bo‘lmasa, albatta. Chunki hamma ham odam, xato qilishi mumkin. Ko‘ramiz”, deydi Rasul Kusherboyev.
Kusherboyev vodiydagi mahalliy Kengash deputatlarining qilgan huquqbuzarliklarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini aytib, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga nisbatan bunday munosabatni toqat qilib bo‘lmas holat, deb atagan. Deputatmi, boshqami hamma qonunga bo‘ysunishi shartligini aytadi. Sinovli kunlarda jamiyatda tartibni saqlash, karantin tadbirlarini tashkil etishda ichki ishlar xodimlarining katta xizmat qilayotganligini alohida e’tirof etgan.
“Eng qizig‘i, videoda shifokorlarning yonini olgan Oliy Majlis deputatining “Xalq so‘zi” gazetasi internet saytida e’lon qilgan munosabatini umuman kerakmas joyda majburan tiqishtirib, tilga olinayotgani kimga va nimaga kerak bo‘lib qoldi? Bular boshqa-boshqa holat-ku. Bilmadim-u, bundan yana bir nimaning hidi kelayapti. Lekin “zakaz” demadim hali”, deya Kusherboyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maxfirat Xushvaqtovaning misol keltirilganligiga tanqid qilgan.
Qonunchilik palatasining yana bir deputati Bahromjon Rahmonaliyev ushbu videotasvirda deputat aytgan so‘zlar ko‘rsatilib, nega IIV mas’ullarining gaplari ask etmagani, nima sababdan video lavha to‘liqligicha taqdim etilmaganini savol ostiga olgan.
“Lavhani ko‘rgan har qanday odam asosiy qahramonga qoidabuzar (qonunbuzar emas!) sifatida achinish va xulosa chiqarish o‘rniga, deputatga nisbatan nafrat bilan qaramaydimi? Holatni shunchalik tezkor va sensatsion e’lon qilishdan ko‘zlangan maqsad aslida “deputat” degan sharafli nomga, xalq ishonchiga qora torishmi?”, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Jabborov.
Yana ayrim deputatlar bu holatda qiziqqonlik bo‘lgani, taraflar bir-birini to‘g‘ri tushunganda shuncha savollar yuzaga chiqmagan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Endi nima bo‘ladi?
Ushbu voyeqalardan so‘ng, xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati T.M. voqeaga o‘z fikrlarini qisqacha bildirib o‘tdi. Unga ko‘ra, tortishuvda hujjatlari aslida joyida bo‘lgan, adashib, eski sug‘urta qog‘ozini ko‘rsatib yuborgan. Deputat o‘sha ondayoq yangi sug‘urta qog‘ozini ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramay, lavha muallifi negadir bu qismlarni ko‘rsatmaganidan taajjublangan. Biz tez orada deputat bilan bog‘lanib, ikkinchi taraf sifatida unga minbar berib, batafsil ma’lumot olishni maqsad qilganmiz.
Bitta videolavha ortidan shuncha mashmasha kelib chiqmoqda. Bu o‘rinda ikkala tarafda ham asosli fikrlar mavjud. Bir taraf to‘liq oppoq yoki ikkinchi taraf qop-qora ham emas. Boya aytganimdek, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ayb ikkala tarafdan ham o‘tgan bo‘lishi mumkin.
Ammo shu o‘rinda bir fikrni aytishni joiz deb bildim. IIV tomonidan aynan “deputat” deb tinmay harxasha qilinishi qanchalik to‘g‘ri? Bu birinchisi emas. Yaqinda “avtomat ko‘targan bola” voqeasida ham “deputatning o‘g‘li” degan jumlalarga alohida urg‘u berildi. Bola otasining, ota bolasining aybi uchun javob bermasligi degan holatlar IIVga begonami?
Xolis fikr bildirmoqchi bo‘lgan inson yuqoridagi videolavhani ko‘rgach, ikkilanib qoladi. Shu sababli, IIV Axborot xizmatidan to‘liq lavhalarni oshkor qilishini talab qilamiz. Voqea bodikameralarda boshidan-oxirigacha tasvirlangani aniq. Bo‘lmasa, masalaga to‘liq oydinlik kiritilmaydi. Jamoatchilik o‘sha kungi voqealarni batafsil bilishga haqqi bor. Bahoni keyin o‘zi qo‘yib olaveradi. IIV Axborot xizmatidan izoh (to‘liq) kutamiz. Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich!
LiveBarchasi