Qozog‘istonda 2 palatali parlament rasman o‘z ishini tugatdi

Olam

image

Kecha, 29 iyun kuni Qozog‘istonning sakkizinchi chaqiriq deputatlaridan iborat ikki palatali parlamenti rasman o‘z faoliyatini yakunladi. Ertaga, 1 iyuldan boshlab mamlakatda yangi Konstitutsiya kuchga kiradi, unga ko‘ra yaqin orada yangi qonun chiqaruvchi organ – Qurultoyga saylovlar bo‘lib o‘tishi kerak. Bu haqda “24.kz” xabar berdi.

“Deputatlar korpusi nomidan bugungi qo‘shma majlisda shaxsan ishtirok etganingiz, parlament faoliyatini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizga minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz. Shu bilan Qozog‘iston Respublikasi sakkizinchi chaqiriq parlamentining to‘rtinchi sessiyasi yopiq deb e’lon qilinadi”, deydi Majlis spikeri Yerlan Qoshanov Prezident To‘qayevga yuzlanib.

Prezident Majlis va senat deputatlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarning ahamiyati va muhimligini qayd etgan.

“Sakkizinchi chaqiriq deputatlari hukumat nomiga 2 mingdan ortiq so‘rov yuborishdi, shuningdek, 31 ta hukumat soati va 9 ta parlament eshituvi o‘tkazildi. Ikkala palata qo‘mitalari faol va samarali ish olib bordilar”, deydi To‘qayev.

U bir palatali tizimga – Qurultoyga o‘tilgandan so‘ng qonun chiqaruvchi organ qo‘mitalari ham “davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga tayangan holda” shakllantirilishi maqsadga muvofiq bo‘lishini qayd etgan.

To‘qayevning aytishicha, o‘tgan yillar davomida deputatlar korpusi fuqarolar bilan ochiq va samarali aloqa tizimini shakllantirgan. Deputatlar muntazam ravishda hududlarga borib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Umuman olganda esa, parlament “umumiy manfaatlar yo‘lida obro‘li olimlar, vazmin ekspertlar va jamoat faollarini birlashtiruvchi markazga aylangan”.

“Qurultoy oliy qonun chiqaruvchi organ sifatida barcha yo‘nalishlarda izchillikni, institutsional barqarorlikni, an’analarning saqlanib qolishini va parlamentning o‘ziga xos madaniyati shakllanishini ta’minlashi kerak”, deydi Qozog‘iston rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi parlamentning bosh maqsadi “hamma uchun teng imkoniyatlar taqdim etadigan adolatli Qozog‘istonni barpo etish” bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti yangi Konstitutsiyada nazarda tutilgan bir palatali parlament Qurultoy deb atalishini aytgan edi. Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, Qurultoy konstitutsiyaviy va boshqa qonunlarni qabul qiladi, saylovlarni e’lon qiladi, urush va tinchlik masalalarini hal qiladi hamda boshqa vakolatlarga ega bo‘ladi. Uning tarkibiga 145 nafar deputat kiradi. Joriy yilning 15 mart kuni Qozog‘istonda referendum bo‘lib o‘tdi va uning yakunlariga ko‘ra yangi Asosiy qonun qabul qilindi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing