“Bittasi bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopamiz”. “Kolya Qirg‘iz”ning guruhi ogohlantirildi
Olam
−
06 Oktabr 2023
17487Avvalroq qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek) Bishkekda qo‘lga olinayotganda mamlakat Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev To‘qmoq shahrida qo‘mitaning yangi binosi ochilishida qatnashib, jinoyatchilarga navbatdagi murojaat bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari murojaatida bu kurash davom etishini aytib, Ko‘lboyev atrofidagi odamlarni tilga olgan.
“Men kriminal avtoritet qurshovida bo‘lganlarning barchasiga murojaat qilaman. Agar kimdir qonunni buzishga urinsa, qonunga muvofiq jazolanadi. Va u qattiq jazo oladi. Agar bitta jinoyatchi ham boshini ko‘tarsa, o‘sha boshni kesib tashlaymiz. Men buni ochiq aytaman. Shunday ekan, yana bir bor eslatib o‘taman. Agar kriminal avtoritetning atrofidan kimdir qonunni buzishga urinsa, biz uni qonun doirasida qattiq jazolaymiz”, deydi Tashiyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Prezident boshchiligidagi jamoa qonunchilikni qaror toptirishda qat’iy.
“Sadir Nurgojoyevich rahbarligidagi siyosiy jamoada mamlakatda qonunchilikni qaror toptirish, tartibni tiklash uchun barcha siyosiy iroda bor. Biz buni amalga oshiramiz. Kim davlat qonunlariga bo‘ysunmasa, o‘z qonuni, sxemasi, tartibini o‘ylab topsa, qonun doirasida jazolanadi”, deydi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Qamchibek Asanbek Qirg‘iziston va MDHdagi eng nufuzli “vorzakon”lardan biridir. Taxallusi – “Kolya Qirg‘iz”.
U narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, pul yuvish, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi. 2020 yildan beri Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi kriminal avtoritetni bir necha bor hibsga olgan. “24kg” nashri xabariga ko‘ra, 2023 yilning avgustida Qamchibek Ko‘lboyevga nisbatan jinoyat ishi da’vo muddati o‘tgani sababli tugatilgan.
Kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek Qozog‘istonda transmilliy jinoiy tashkilot tuzishda gumon qilingan.
LiveBarchasi