Birorta musulmon davlati Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamadi – Qodirov
Olam
−
26 mart 2022
26599Aholisi asosan musulmon bo‘lgan dunyoning hech bir davlati millionlab musulmonlar huquqlarini hurmat qiladigan va himoyalaydigan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamadi. Bu haqda Chechiniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirdi.
“Men uchun musulmon sifatida butun Islom dunyosi Rossiyani umumbashariy yovuzlikka qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlagani quvonarli! Aholisi asosan musulmon bo‘lgan dunyodagi hech bir mamlakat Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan. Rossiyadagi 30 million musulmon nomidan barchangizga samimiy minnatdorchiligimni bildirmoqchiman! Alloh taolo sizdan rozi bo‘lsin! Bugun siz musulmonlar doimo haqiqat va adolat tarafida turishini yana bir bor isbotladingiz”, deydi Chechiniston rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘z hududida va xorijda yashayotgan millionlab musulmonlarning huquqlarini hurmat va himoya qiladigan mamlakatdir.
“Buyuk mamlakatimizda dindorlarning diniy tuyg‘ularini ranjitish, muqaddas kitob matnlarini ekstremistik deb tan olish hamda sevimli payg‘ambarlarimizni har qanday yo‘l bilan ranjitish qonunan taqiqlangan”, deydi u.
Ramzan Qodirovning ta’kidlashicha, Rossiyada LGBT (besoqolbozlik) va boshqa odamlarga qarshi buzuqliklarni targ‘ib qilish qat’iyan man yetilgan. Davlat musulmonlarning haq-huquqlarini himoya qiladi. Amerika Prezidenti Jo Bayden esa inson qiyofasiga ega bo‘lsa-da, lekin shaytoniy siyosatni olib boradi.
“Bayden, siz odammisiz yoki...?”, deya yakunlagan u o‘z murojaatini.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi