“Birini boshqasidan ajrata oladimi”. Xitoyliklar Baydendan xafa bo‘ldi 

Olam

image

Kecha, 25 mart kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini Xitoyning 1989 yilda Tyananmen maydonidagi norozilik namoyishlarini bostirishi bilan taqqosladi. “South China Morning Post” gazetasi o‘quvchilari Baydenning noo‘rin taqqoslashidan xafa bo‘ldi.

Jo Bayden ukrainaliklarni Rossiyaga nisbatan qarshilik ko‘rsatishda “umurtqa” ko‘rsatgani uchun maqtab, 30 yoshli ayol miltiq bilan tank oldida turganini misol qilib keltirdi.

“Ya’ni, Tyananmen maydoniga nima bo‘lganini aytmoqchiman. Bu Tyananmen maydoni,” deydi u.

Mazkur maqola ostida izoh qoldirgan xitoyliklar Amerika Prezidentini tarixni bilmaslikda va doimiy ravishda Xitoyni noo‘rin tilga olishda aybladi. Quyida ularning ba’zi izohlarini keltiramiz:

•  U holda AQSHning Yaqin Sharqqa bostirib kirishini nimaga qiyoslaymiz? U yerda millionlab begunoh odamlar halok bo‘lgandir. Balki bu amerikaliklar genotsididir?

•  Pekinni Ukrainadagi vaziyatga tortishga beadab urinish. 

•  Bayden birini boshqasidan ajrata oladimi? Nega Xitoyni jalb qilish kerak?

•  Baydenning yana bir qo‘pol xatosi yoki u ongsiz ravishda Tyananmen Xitoyning bir qismi bo‘lgani kabi Ukraina Rossiyaning bir qismi ekanligiga ishonadimi?

•  U Ukraina Rossiyaning bir qismi ekanligiga ishora qilmoqda. 

Ma’lumot uchun, 1989 yil 15 aprelda Pekinda boshlangan talabalar tartibsizliklari 4 iyun kuni yakuniga yetgan. Keyin Xitoy armiyasi tanklar yordamida demokratik islohotlar talabi bilan talabalarning noroziligini bostirgan. Qurbonlarning aniq soni hali ham munozarali. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan, yetti mingga yaqini yaralangan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

91

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing