Bir yo‘la 55 nafar bemor koronavirusdan sog‘ayib chiqdi
Jamiyat
−
30 may 2020
6573Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand viloyati va Toshkent shahrida jami 55 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 30 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
"Qoraqalpog‘iston Respublikasi yuqumli kasalliklar shifoxonasida 2 nafar, Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida 9 nafar, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 37 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida esa 7 nafar jami 55 nafar bemor sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 11 nafari erkak, 26 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 78 yoshli onaxon bo‘lsa, yoshi kichigi esa 2019 yil tug‘ilgan chaqaloq. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Xorazm viloyatidan 9 nafar, Samarqand viloyatidan 7 nafar, Toshkent va Andijon viloyatlaridan 4 nafardan, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 3 nafardan, Toshkent shahridan 2 nafar, Buxoro, Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qozog‘iston Respublikasidan 1 nafardan.
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning barchasi erkak bo‘lib, yoshi kattasi 58 yoshda, yoshi kichigi 29 yoshda. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Toshkent viloyatidan 2 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Namangan viloyatlari, Toshkent shahri hamda Qirg‘iziston Respublikasidan 1 nafardan.
Qoraqalpog‘istonda tuzalganlarning 2 nafari ham erkak bo‘lib, 1 nafari Buxoro viloyatidan, yana 1 nafari esa Xorazm viloyatidan. Endilikda Qoraqalpog‘istonda shifo topganlar 129 nafarga yetib, davolanayotganlar 6 nafarni tashkil etmoqda. Ushbu hudud koronavirusdan xoli bo‘lishga juda yaqin turibdi.
Shuningdek, Samarqandda tuzalganlarning barchasi ushbu viloyatdan (Samarqand shahri va Toyloq tumanidan 3 nafardan, Pastdarg‘om, Urgut va Oqdaryo tumanlaridan 1 nafardan). Ularning 7 nafari erkak, 2 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 52 yoshda, yoshi kichigi esa 25 yoshda. Viloyatda shu paytga qadar sog‘ayganlar 265 nafar bo‘lsa, endilikda 274 nafarga yetdi.
Ma’lumot uchun, bugun hozirga qadar 55 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab jami sog‘ayganlar 2783 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirda mamlakatda koronavirusga chalinganlar 3523 nafarni tashkil qilmoqda. Bugungacha 14 nafar bemor vafot etgan.
LiveBarchasi