Bir paytlar APLni titratgan Dele Alli hozir qayerda?

Sport

image

Bir paytlar Angliya futbolida eng katta iste’dodlardan biri sifatida e’tirof etilgan Dele Alli yaqinda 30 yoshni qarshi oldi, ammo uning karerasi haqidagi savollar hali ham javobsiz: u nima uchun yuqori cho‘qqidan shunday tez tushib ketdi va u yana qayta oladimi?

Dele Alli – bu nom bir vaqtlar Angliya futbolining kelajagi sifatida tilga olinar edi. U “Tottenhem” safida o‘ynagan davrda Premer-liganing eng xavfli yarim himoyachilaridan biriga aylangan.

Bolalik va og‘ir hayot bosqichi

Dele Alli Angliyaning Milton Keyns shahrida nigeriyalik otasi Kexinde va ingliz onasi Deniz oilasida tug‘ilgan. Uning otasi u tug‘ilganidan bir hafta o‘tib AQSHga ko‘chib ketgan. Shu sababli Dele asosan onasi qo‘lida tarbiyalangan. Uning bolaligi oson kechmagan. Manbalarga ko‘ra, onasida spirtli ichimliklar bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan va bu oilaviy hayotga ta’sir qilgan. To‘qqiz yoshida u otasi bilan birga Nigeriyaga ko‘chib o‘tadi va u yerda ikki yil davomida xalqaro maktabda tahsil oladi. Keyin esa yana Angliyaga qaytib, Milton Keynsda onasi bilan yashashda davom etadi. 13 yoshida Dele Alli Milton Keyns Dons akademiyasida o‘ynagan bir futbolchining oilasi – Alan va Salli Xikfordlar xonadoniga ko‘chib o‘tadi. U ularni o‘zining oilasi sifatida qabul qilgan, garchi rasman farzandlikka olinmagan bo‘lsa ham. 2023 yil iyul oyida Gari Nevillning “The Overlap” podkastidagi intervyusida Alli bolaligida, olti yoshida jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini ochiq aytgan. Shuningdek, u sakkiz yoshida noqonuniy muhitga tushib qolib, giyohvand moddalar savdosiga aralashganini ham ma’lum qilgan. U shu bilan birga “Beshiktosh”dagi ijaradan keyin uyqu dorilariga qaramlik va ruhiy sog‘liq bilan bog‘liq muammolar sababli olti hafta davomida reabilitatsiya markazida davolanganini ham ta’kidlagan.

“Milton Keyns Dons”dan “Tottenhem”gacha

Alli professional karerasini “Milton Keyns Dons” klubida boshladi. U juda yosh bo‘lishiga qaramasdan asosiy tarkibga kirib, tezda o‘zini ko‘rsata boshlagan. 2015 yilda boshida uni “Tottenhem” sotib oladi ammo o‘sha mavsum so‘ngigacha u “Milton Keyns Dons”da ijarada qoladi. “Shporlar” safiga esa o‘sha yili yozda kelib qo‘shiladi. Bu yerda uning karerasi chinakam porladi. Alli gol urish, hujumni yakunlash va jarima maydonida to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati bilan Premer-liganing eng yorqin yosh yulduzlaridan biriga aylandi.

Dele Allining “Tottenhem”dagi faoliyati

Dele Alli Premer-ligada “Tottenhem” safida debyutini 2015 yil 8 avgust kuni “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yinda o‘tkazdi. U tez orada o‘zini ko‘rsatib, 22 avgust kuni “Lester Siti”ga qarshi o‘yinda ilk golini urdi. Shundan keyin u asosiy tarkibda mustahkam o‘rin egallay boshladi va “Sanderlend” hamda “Aston Villa”ga qarshi o‘yinlarda ham gol urdi. 2015 yil noyabrida Shimoliy London derbisidagi ajoyib o‘yini uchun uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Ilk mavsumdagi barqaror o‘yini sabab u tezda jamoaning asosiy futbolchisiga aylandi va 2016 yil boshida klub bilan 2021 yilgacha bo‘lgan shartnoma imzoladi. Shu yilning o‘zida u APL tomonidan eng yaxshi yosh futbolchilar qatoriga kirdi va mavsum yakunida “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” deb e’tirof etildi.

Yuksalish davri

Keyingi mavsumda u futbolkasidagi ismini “Alli”dan “Dele”ga o‘zgartirdi. Buning sababini o‘z onasi bilan aloqalarini butunlay uzganlik bilan izohladi. 2016/17 mavsum dekabr-yanvar oylarida 6 o‘yinda 8 gol kiritib Premer-liganing yanvar oyidagi eng yaxshi futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u yana bir bor APL tomonidan yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Terma jamoa va Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatlar Delle Alli Angliya terma jamoasi safida ham ma’lum vaqt muhim o‘rin egalladi. U Yevropa chempionati va Jahon chempionati kabi yirik musobaqalarda ishtirok etib, gol va assist qayd etdi. U 2019 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finalida “Tottenhem” jamoasi bilan birga tarix yozish imkoniyatiga ham ega edi, biroq Klopp qatorasiga ikkinchi yil finalni boy bergisi kelmadi. Aynan shu davrdan keyin uning karerasida pasayish boshlandi.

“Everton”dagi qayta tiklanishga urinish

“Tottenhem”dagi yetti yillik faoliyatdan keyin Dele Alli 2022 yil yanvar oyida Angliyaning “Everton” klubiga o‘tdi. Uning bu transferi karerasini qayta tiklash uchun katta imkoniyat sifatida ko‘rilgan edi. Biroq “Everton”dagi davri ham muvaffaqiyatli kechmadi. U jamoada barqaror o‘ynay olmadi, asosiy tarkibda kam maydonga tushdi va o‘zining avvalgi formasiga qayta olmadi.

“Beshiktosh”dagi ijara

2022/23 mavsumda u Turkiyaning “Beshiktosh” klubiga ijara asosida o‘tdi. Bu yerda unga yana o‘yin amaliyoti va yangi boshlanish imkoniyati berildi. Biroq “Beshiktosh”da ham vaziyat kutilgandek bo‘lmadi. U bir necha o‘yinlarda maydonga tushdi, lekin jarohatlar va o‘yin amaliyoti yetishmasligi sababli to‘liq tiklanishga erisha olmadi va yana Angliyaga qaytdi.

“Komo”dagi so‘nggi urinish

Dele keyinchalik Italiyaga yo‘l oldi va “Komo” jamoasiga qo‘shildi. Bu qaror uning karerasini qayta tiklash uchun yangi imkoniyat sifatida ko‘rilgan edi. Biroq u yerda ham barqarorlik topa olmadi. U faqat bir o‘yinda maydonga tushib, qizil kartochka olgani haqida ma’lumotlar bor. Shu bilan uning Italiyadagi karerasi ham qisqa davom etdi. Hozirda futbolchi yangi chaqirqlar kutmoqda, ammo uning beqaror o‘yinlari sabab ko‘pgina jamoalar o‘z tarkibida ko‘rishni istamayapti. Shu bilan birga, Dele Alli hali 30 yoshda, bugun bu yosh futbolda o‘rta yoshga aylanib qoldi. Balki u yana tiklanib, 5-6 yil yuqori formada o‘ynab berishi ham mumkin. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

Ramazon Usanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

APL Dele Alli Angliya futboli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing