APLning eng omadsiz sakkiz murabbiyi
Sport
−
03 aprel 2178 5 daqiqa
Premer-liga jamoalariga murabbiylik qilish anchayin qiyin ish va bu katta bosimni ham talab qiladi. Negaki, bu ligada umuman navbatchi o‘yinlar bo‘lmaydi, har bir o‘yinda jamoa borini berishi kerak. Bu chempionatda hamma narsa sodir bo‘lishi mumkin: ba’zi murabbiylar debyut mavsumidayoq jamoasini chempion qiladi, ba’zilari esa bir mavsum oldin ligada qolishga qurashgan jamoa bilan keyingi mavsum g‘olib ham bo‘laveradi.
Quyidagi ro‘yxatda Premer-liga tarixidagi eng omadsiz murabbiylar keltirilgan. Reytingda faqat ularning maydondagi natijasi emas, balki klub va muxlislardan qo‘yilgan katta kutilmalarni ham hisobga olingan. Ulardan 8 nafari turli vaziyatlarda kelib, umidlarni oqlay olmagan va Premer-liga tarixidadan “omadsiz murabbiy” sifatida joy topgan.
8. Remi Gard (“Aston Villa”, 2015-2016)
“Aston Villa”ning pasayishi va 2016 yilda Premer-ligadan tushib ketishi aslida Tim Shervud davridan boshlangan bo‘lsa-da, Remi Garddan umid katta edi. U kelgan paytda jamoada Jek Grilish, Idrissa Geye, Jordan Veretu va Jordan Amavi kabi keyinchalik top jamoalarga transfer qilingan futbolchilar bor edi. Ammo umumiy saviya yetishmadi.
Gard ilk o‘yinida “Manchester Siti”ga qarshi 0:0 o‘ynab, yaxshi taassurot qoldirdi. Lekin keyingi 20 o‘yinda atigi 2 ta g‘alaba qozona oldi. Qizig‘i, bu g‘alabalarda ham raqiblar o‘z darvozasiga gol urgan. Oqibatda u kutilmalarni oqlay olmadi va iste’foga chiqdi. Chempionat tugashiga 7 tur qolganda kelgan Erik Blek ham vaziyatni o‘nglay olmadi. Oxir-oqibatda esa “Aston Villa” o‘sha mavsum 17 ochko jamg‘arib, Premer-ligada eng so‘ngi o‘rinni egalladi va Chempionshipga ravona bo‘ldi.
7. Devid Moyes (“Manchester Yunayted”, 2013–2014)
(2).jpg)
Devid Moyesni bu ro‘yxatga kiritish bahsli, ammo uning “Manchester Yunayted”dagi 8 oylik davri haqiqatan ham omadsiz kechgan. U Ser Aleks Fergyusondan keyin kelib, juda katta bosim ostida ish boshladi. Klub boshqa yirik murabbiylarni ham ko‘rib chiqqan edi, shuning uchun kutilmalar yuqori bo‘lgan. Fergyuson davrida jamoa har qanday holatda ham g‘alaba qozonishga intiladigan ruhga ega edi. Moyes davrida esa bu ruh yo‘qoldi va natijalar keskin pasaydi. Shu tariqa 2013-2014 yilgi mavsumni jamoa 7-o‘rinda yakunladi. Hozirda bu davr “Yunayted”dagi muvaffaqiyatsizliklar zanjirining boshlanishi deb eslanadi.
6. Roy Xojson (“Uotford”, 2022)
(3).jpg)
Roy Xojson qiyin vaziyatdagi jamoalarni qutqarish bilan tajribali murabbiy sifatida tanilgan. “Uotford” ham 2022 yilda uni aynan shu maqsadda taklif qildi. Ammo amalda bu qaror o‘zini oqlamadi. U jamoani birlashtira olmadi, hatto muxlislar bilan munosabat ham yomonlashdi. Eng yomoni – u “Uotford”da birorta ham uy o‘yinida g‘alaba qozona olmadi. Oqibatda jamoa mavsum so‘ngida 23 ochko bilan turnir jadvalida 19-o‘rinni egalladi va quyi ligaga ravona bo‘ldi. Shundan so‘ng jamoa Chempionshipning o‘rtamiyona klubiga aylanib qoldi.
5. Pol Juyell (“Derbi Kaunti”, 2007-2008)
(5).jpg)
Pol Juyell ilgari yaxshi natijalarga erishgan murabbiy bo‘lgan. Lekin “Derbi Kaunti”da u butunlay omadsizlikka uchradi. Jamoa u kelgan paytda ham yomon holatda edi, ammo Juyell vaziyatni yaxshilay olmadi. U boshqargan davrda jamoa birorta ham g‘alaba qozona olmadi va Premer-liga tarixidagi eng kam – 11 ochko bilan quyi ligaga tushib ketdi. Bu Juyellning faoliyatidagi eng katta muvaffaqiyatsizlik bo‘lib qoldi. Shu-shu, bir paytlar Chempionlar ligasida “Real”ni 4:1 hisobida taslim qilgan “Derbi Kaunti” oradan 18 yil o‘tibdiki qaytib Premer-liga yuzini ko‘rmadi.
4. Natan Jouns (“Sautgempton”, 2022-2023)
(3).jpg)
Natan Jouns natijalardan ko‘ra ko‘proq o‘z bayonotlari bilan esda qolgan murabbiy bo‘ldi. Uning gaplari ko‘pincha bahsli va tushunarsiz edi. Masalan, u hatto 10 kishilik raqibga qarshi ustunlikni boy berishni “ortiqcha o‘yinchi bosimi” deya izohlagan. Ammo maydondagi natijalar juda yomon bo‘ldi – 8 o‘yinda atigi 1 ta g‘alaba. 24-turdan uning o‘rniga kelgan Ruben Selles dastlabki o‘yinida “Chelsi”ni mag‘lub etganiga qaramay, keyinchalik uning ham ishlari yurishmadi va “Sautgempton” jadvalning oxiriga tushib ketib, mavsum so‘ngida Premer-ligadan “quvildi”.
3. Alan Shirer (“Nyukasl”, 2009)
(4).jpg)
Alan Shirer “Nyukasl” afsonasi bo‘lishiga qaramay, murabbiy sifatida omadsizlikka uchradi. U juda og‘ir vaziyatda jamoa vaqtincha murabbiy sifatida boshqaruviga keldi va jonajon klubini qutqarishga harakat qildi. Ammo u 8 ta o‘yindan faqat 1 tasida g‘alaba qozona oldi. Oqibatda “Nyukasl” mavsum oxirida quyi ligaga tushib ketdi.
2. Feliks Magat (“Fulhem”, 2013-2014)
(5).jpg)
“Bavariya” “Volfsburg” va “Shalke” kabi jamoalarni boshqargan tajribali nemis mutaxassisi 2014 yil fevralida “Fulhem”ni qabul qilib oldi. Reytingdagi qolgan murabiyylarga qaraganda Feliks Magat yaxshiroq natija qayd etdi, ammo uning Premer-ligadagi 11 o‘yinda qo‘lga kiritgan 12 ochkosi, jamoani elitada olib qola olmadi va murabbiy ishdan bo‘shatildi. Shuningdek, uning iste’fosiga jamoa futbolchilari bilan yomon munosabati ham sabab bo‘lgani aytildi.
1. Frank de Bur (“Kristal Pelas”, 2017)
(5).jpg)
Frank de Bur Premer-liga tarixidagi eng omadsiz murabbiylardan biri sifatida qolgan. U 2017 yilda “Kristal Pelas”ga kelib jamoada yangi uslub joriy qilmoqchi bo‘ldi, ammo uning uslubi umuman ishlamadi. Jamoa uning qo‘l ostida barcha 4 o‘yinda ham mag‘lub bo‘ldi va hatto birorta ham gol ura olmadi. Oqibatda u juda qisqa vaqt ichida ishdan bo‘shatildi va Premer-liga tarixidagi eng omadsiz murabbiylardan biriga aylandi.
Ramazon Usanov
Live
Barchasi