Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga: maktablarda uzaytirilgan ta’til bekor qilinayotganiga izoh berildi
Jamiyat
−
10 yanvar 2023
31563Qishki ta’til davrini uzaytirish vakolati hududdagi ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda mahalliy hokimliklarga berildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga asosan hududdagi ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional hamda oliy ta’lim tashkilotlarida qishki ta’til davrini uzaytirish yoki uzaytirmaslik vakolati berilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 27-moddasida Mahalliy davlat hokimiyati organlariga ta’lim sohasidagi tegishli vakolatlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon va Xorazm viloyatlaridagi maktablarda ertaga, 11 yanvardan ta’lim jarayonlari tiklanishi ma’lum qilindi. Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanishini bildirdi.
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi esa joriy yilning 5 yanvar kuni anomal sovuq sabab O‘zbekistondagi barcha maktablarda qishki ta’til 17 yanvargacha uzaytirilgani, 2022-2023-o‘quv yilining III choragi 2023 yilning 18 yanvaridan boshlanishini ma’lum qilgandi.
Gidrometeorologiya xizmati markazi esa mamlakatda anomal sovuq hafta oxirigacha davom etishini aytmoqda.