Bill Geyts Epshteyn bilan aloqalari uchun uzr so‘radi

Olam

image

“Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts marhum moliyachi va jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jeffri Epshteyn bilan aloqalari sababli Geyts jamg‘armasi xodimlaridan uzr so‘radi. Bu haqda kecha, 24 fevral kuni “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvda Bill Geyts Epshteyn bilan bo‘lgan uchrashuvlari jamg‘arma obro‘siga putur yetkazganini tan olgan. Shu bilan birga, u moliyachining jinoyatlariga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.

Geytsning aytishicha, u Epshteyn bilan 2011 yilda muloqot qila boshlagan. Ular 2014 yilgacha ko‘rishib turgan. Uchrashuvlar Germaniya, Fransiya, Nyu-York va Vashingtonda bo‘lib o‘tgan, shuningdek, Geyts Epshteynning shaxsiy samolyotida ham parvoz qilgan. Tadbirkorning sobiq rafiqasi Melinda French-Geyts 2013 yildayoq bu aloqalardan xavotirga tushganini bildirgan.

Yig‘ilishda Geyts yaqinda e’lon qilingan materiallardagi fotosuratlarga ham izoh bergan. Unda tadbirkor yuzlari aerograf bilan yopilgan ayollar bilan birga tasvirlangan. Geyts bu ayollar Epshteynning yordamchilari bo‘lganini va suratlar rasmiy uchrashuvlardan keyin olinganini ma’lum qilgan.

Geyts 2014 yildan keyin Epshteyn bilan uchrashmaganini va uning xatlariga javob bermaganini ta’kidlagan. Jamg‘arma vakili Geyts yiliga ikki marta xodimlar bilan shunday uchrashuv o‘tkazishini va bu safar savollarga ochiq javob berib, javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini tasdiqlagan.

Ma’lumot uchun, 2025 yil 19 dekabrda AQSH demokratlari Epshteyn ishi doirasida Geytsning yosh qizlar bilan tushgan fotosuratlarini e’lon qilgan edi. Joriy yilning 16 fevral kuni esa AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarda nomi tilga olingan 305 nafar taniqli shaxsning yakuniy ro‘yxatini oshkor qildi.

Unga qo‘shiqchilar, aktyorlar, tadbirkorlar va siyosatchilar, jumladan, hujjatlarda kamida bir marta tilga olingan shaxslar ham kiritilgan. Ular orasida Beyonse, Bryus Springstin, Jey-Zi, Prezident Donald Tramp, vitse-prezident Jey Di Vens va Mishel Obama ham bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya politsiyasi qirol Charlz III ning ukasi, sobiq shahzoda Endryuni Jeffri Epshteyn bilan aloqalari sabab hibsga olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Bill Geyts Microsoft Epshteyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing