Berdimuhamedov Yangi yilda ilk tashrifni koronavirus urchiyotgan Xitoydan boshlamoqchi
Olam
−
05 yanvar 2023
4273Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 5-6 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Xitoyda bo‘ladi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Turkmaniston rahbarining davlat tashrifi Xitoy rahbari Si Szinpinning taklifiga binoan tashkil etilmoqda.
Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari, respublika Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovning hisobotiga ko‘ra, Berdimuhamedov Xitoyga bo‘lajak tashrifi chog‘ida yirik ikki tomonlama hujjatlar paketini imzolashni rejalashtirmoqda.
Meredov Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish respublika tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, Xitoy bu davlatlar orasida alohida o‘rin tutishini ta’kidlagan.
Berdimuhamedovga ko‘ra, tomonlarning sa’y-harakatlari natijasida uzoq muddatli Turkmaniston-Xitoy hamkorligi strategik xususiyat kasb etgan. Mamlakatlar bir-birini qo‘llab-quvvatlagan holda xalqaro tashkilotlar doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Shu munosabat bilan Turkmaniston rahbari Xitoyda bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar dolzarbligini urg‘ulagan.
Ma’lumot uchun, Serdar Berdimuhamedov o‘tgan yili mart oyida Turkmaniston Prezidenti lavozimiga kirishganidan beri birinchi marta Xitoyga tashrifni amalga oshirmoqda.
2022 yilning sentyabrida Berdimuhamedov Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasida Si Szinpin bilan turli sohalarda hamkorlik bo‘yicha muzokara o‘tkazgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Xitoyda koronavirus tobora kuchayib bormoqda. Mamlakat kasallanish va o‘lim holatlari bo‘yicha statistikani e’lon qilmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. JSST Xitoyni asl statitiskani yashirishda ayblamoqda.
Xitoy dekabr oyi boshida anti-COVID cheklovlarini yumshatdi, shundan so‘ng mamlakatda koronavirusning keng tarqalishi qayd etildi. Tibbiyot mutaxassislarining fikriga ko‘ra, bu zaiflashgan shtammlardir, shuning uchun kasallik odatda o‘rta shaklda davom etadi va o‘lim ehtimoli juda past. Shu fonda, ayrim davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, AQSH, Fransiya, Janubiy Koreya va Yaponiya Xitoydan tashrif buyuruvchilar uchun qoidalarni kuchaytirdi.
LiveBarchasi