Benzema Fransiya Ichki ishlar vazirini sudga bermoqchi
Sport
−
19 Oktabr 2023
8436Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” jamoasi a’zosi Karim Benzema uni terrorchilik tashkilotiga aloqadorlikda ayblagan Fransiya Ichki ishlar vaziri Jerald Darmaninni sudga bermoqchi. Bu haqda “RMC Sport” xabar berdi.
Benzemani ijtimoiy tarmoqda G‘azo xalqini qo‘llab-quvvatlash ma’nosidagi posti uchun Fransiya Ichki ishlar vaziri Darmanin futbolchini “Musulmon birodarlar” terror tashkiloti bilan aloqasi borligini aytgandi.
Xususan, ichki ishlar vaziri futbolchining terrorchilik tashkiloti bilan aloqasi borligini ko‘rsatuvchi belgilarni aytib o‘tdi. Sabablar qatorida futbolchining terma jamoa bilan Fransiya madhiyasini kuylashdan bosh tortgani, ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlarni qo‘llab-quvvatlovchi postlari ko‘rsatilgan.
Futbolchi, shuningdek, Yevroparlament a’zolari Nadin Morano va Frenk Tapironi sudga berishni rejalashtirmoqda. Morano sportchini “HAMAS tashviqotining elementi” deb atagan, Tapiro esa Benzemani terrorchilarga aloqasi borlgini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning “Nitssa” klubi a’zosiga Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi posti uchun jazo qo‘llanilgandi. Bu borada Germaniya chempionatida to‘p tepuvchi futbolchilarga ham ogohlantirishlar berilmoqda.