Belarusni “titratgan” namoyishlar targ‘ibotchisini Rossiya moliyalashtirgani aytilmoqda
Olam
−
04 iyun 2021
7777Belarusda muxolifatchi bo‘lgan NEXTA Telegram-kanali homiylari orasida Rossiya kompaniyasi ham bo‘lgan. Mamlakatning Ural regionida joylashgan ushbu kompaniya tog‘-kon sanoatida faoliyat yuritadi. Bu haqda Belarusda hibsda saqlanayotgan muxolifatchi Roman Protasevich ONT davlat telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Muxolifatchi Protasevichdan intervyu olgan jurnalist Markov Sergeyevich sobiq harbiy bo‘lib, u davlat telekanali uchun ishlaydi. Markov suhbat davomida NEXTA Telegram-kanali qaysi mablag‘lar hisobiga kun ko‘rishi haqida so‘ragan. Bunga Protasevich quyidagicha javob qaytargan.
“Kanal o‘quvchilari o‘z xohishiga ko‘ra tahririyatni ma’lum miqdorda qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Reklamalar ham chiqib turadi. Ehtimol, ziddiyatning birinchi nuqtasi NEXTA loyihasini Rossiya tomonidan moliyalashtirish bo‘lishi mumkin.
Dastlab, kanal obunachilari 20 dollargacha bo‘lgan kichik o‘tkazmalar amalga oshirardi. Taxminan 2020 yil iyul oyida vaziyat shunaqa edi. Oradan ikki hafta o‘tgach, Stepan (Stepan Putilo, NEXTA asoschisi — tahr.) Rossiyaning bitta kompaniyasi bizga doimiy ravishda katta pul o‘tkazmalarini amalga oshirayotgani bilan maqtandi. Kamida har hafta 3–5 ming yevrodan”, deydi hibsdagi muxolifatchi Protasevich.
Muxolifatchi o‘sha kompaniyaning nomini eslay olmasligini, ammo bu Rossiyaning Ural regioni va tog‘-konchilik sanoati bilan bog‘liqligini hamda unga yirik bir oligarx egalik qilishini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov belaruslik ushbu muxolifatchining yuqoridagi so‘zlariga munosabat bildirib, qaysi rus oligarxi haqida gap ketayotganini bilmasligini aytgan.
“Yo‘q, biz bilmaymiz. Qaysi biznesmen haqida gap ketayotganini bilmayman. Balki, Belarus tomonidan aniqlashtirish kerakdir”, deydi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti Minskga qo‘ndirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, samolyot bu vaqtda Belarus osmonida parvoz qilayotgan bo‘lgan va mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli MiG-29 qiruvchisi yo‘lovchi samolyotining majburiy tarzda qo‘ndirilishini ta’minlagan. Rasmiylar bunday favqulodda harakatga samolyotda bomba borligi haqidagi xabarni sabab qilib ko‘rsatdi. Keyinchalik, bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ma’lum bo‘lishicha ushbu samolyot bortida bomba emas, Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan jurnalist Protasevich bo‘lgan va u darhol hibsga olingan.
Nega jurnalist Protasevich Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan?
Gap shundaki, Protasevich bosh muharrirlik qilgan Nexta Telegram kanali 2020 yilning yozida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini yoritgan va ommani unda qatnashishga chorlagan.
Qayd etish kerakki, Nexta Telegram kanali Belarusda ekstremistik, deb topilgan.
Protasevich esa Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (bu uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “guruh bo‘lib jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzganlik”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin) ayblanmoqda.
Bundan tashqari, unga nisbatan kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarni qasddan sodir etish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).
“Ryanair” voqeasidan so‘ng Litva Belarusdan samolyotlarni qabul qilishni to‘xtatdi, Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “Belavia”ning barcha parvozlarini taqiqlashni buyurdi, shuningdek, Buyuk Britaniya ham “Belavia”ning parvozlariga ruxsatni to‘xtatdi.
Yevropaning Fransiyaning “Air France”, Latviyaning “airBaltic” Gollandiyaning KLM, Skandinaviyaning SAS, Vengriyaning “Wizz Air”, Germaniyaning "Lufthansa", Finlyandiyaning "Finnair" aviakompaniyasi Belarus havo hududidan foydalanmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina 26 may yarim tundan boshlab Belarus bilan parvozlarni rasmiy ravishda to‘xtatdi.
LiveBarchasi