Belarus SHHTga a’zo bo‘lishga yaqin turibdi
Olam
−
29 noyabr 2023
2741Belarus Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lishiga bir qadam qoldi. Mamlakatda ushbu tashkilotga a’zolik majburiyatlari to‘g‘risidagi qonun ratifikatsiya qilindi. Bu haqdagi hujjat Milliy yuridik internet portalida e’lon qilindi.
“2023 yil 4 iyulda Nyu-Dehli shahrida imzolangan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlat maqomini olish uchun Belarus Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum ratifikatsiya qilinsin. Belarus Respublikasi Vazirlar Kengashi mamlakatning memorandumdagi ishtirokini rasmiylashtirish uchun zarur choralarni ko‘rishi kerak”, deyiladi hujjatda.
Memorandum Minskni Shanxay hamkorlik tashkiloti Nizomida mustahkamlangan maqsad va tamoyillarga, SHHTga a’zo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim qoidalariga, shuningdek, tashkilot doirasidagi boshqa xalqaro shartnoma va hujjatlarga amal qilishga majbur qiladi.
Shu tariqa, Belarus 2023 yil 1 dekabrdan kechiktirmay “Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Shanxay konvensiyasi va protokollarga, 2024 yil 15 yanvarga qadar – memorandumning 1-ilovasida ko‘rsatilgan SHHT doirasidagi xalqaro shartnomalarga va 2024 yilning 15 apreliga qadar – 2-ilovada ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shilish majburiyatini oladi.
Belarus uchun memorandum va unda ko‘rsatilgan barcha xalqaro hujjatlar kuchga kirgandan so‘ng, SHHTga a’zo davlat rahbarlari kengashi Minskka tashkilotga a’zo davlat maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Memorandum SHHT kotibiyati, tashkilot a’zolari va Belarus tomonidan tegishli ichki tartib-qoidalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab 30 kundan keyin kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, hozirda SHHTga Rossiya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. 2015 yildan buyon kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Belarusni tashkilotga qabul qilish tartibi 2022 yilda Samarqanddagi SHHT sammitida boshlangan edi.
2023 yil iyul oyida Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Belarusning uyushmaga a’zo bo‘lish majburiyatlari to‘g‘risida memorandum imzolagan.
Minskning SHHTga a’zo bo‘lish jarayoni tashkilotning 2024 yilda Ostona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi sammitigacha yakunlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Eronning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha so‘rovini ma’qullagandi. 4 iyul kuni Hindiston raisligida virtual tarzda o‘tgan tashkilotning 23-sammitida Eron rasman SHHTga a’zo bo‘ldi.
LiveBarchasi