Belarus Berlin va Varshavaning Navalniy haqidagi suhbatini e’lon qildi
Jamiyat
−
05 Sentabr 2020
10021Belarus davlat OAV rasmiy Berlin va Varshavaning zaharlangan rossiyalik mxolif siyosatchi Aleksey Navalniy bo‘yicha muloqotining qo‘lga kiritilgan qismini e’lon qildi.
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashganida Germaniyaning Navalniy zaharlangani haqidagi iddaolari yolg‘on ekanini, Minskda buning dalili borligini aytgandi. U Germaniya va Polsha o‘rtasidagi telefon muloqoti yozib olinganini va uni RF Federal xavfsizlik xizmatiga berishini ma’lum qilgandi.
Belarus e’lon qilgan suhbatda quyidagilar aytilgan:
Varshava: Allo! Xayrli kun, Nik. Ishlaring qalay?
Berlin: Hammasi rejadagidek… Navalniy bo‘yicha materiallar tayyor. Kansler administratsiyasiga yuboriladi. Uning bayonotini kutamiz.
Varshava: Zaharlanish aniq tasdiqlanadimi?
Berlin: Eshit, Maykl. Mazkur holatda bu u qadar muhim emas… Urush ketyapti… Urush vaqtida esa har qanday usul yaxshi.
Varshava: Qo‘shilaman. Putinning Belarus ishlariga burun suqishga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirish kerak… Eng samarali yo‘l — uni Rossiya muammolariga ko‘mib tashlash, muammolar esa kam emas! Buning ustiga yaqin kunlarda saylovlar, Rossiya mintaqalaridagi ovoz berish kuni.
Berlin: Shu bilan shug‘ullanyapmiz. Belarusda o‘zi ishlar qalay?
Varshava: To‘g‘risini aytganda, yaxshi emas. Prezident Lukashenko “qattiq yong‘oq” bo‘lib chiqdi. Ular professional va tashkilotchi. Rossiya ularni qo‘llab-quvvatlayotgani tushunarli. Amaldorlar va harbiylar prezidentga sodiq. Qolganini telefon orqali emas, ko‘rishganda gaplashamiz.
Berlin: Ha-ha, tushunaman, unda ko‘rishguncha xayr.
Varshava: Xayr.
Avvalroq, Germaniya Berlindagi klinikada davolanayotgan rossiyalik muxolif siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy Tomskdan Moskvaga samolyotda qaytayotganda tobi qochib, zudlik bilan Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Uning tarafdorlari Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushdi. Ammo ikki kun davomida Omskdagi shifoxona shifokorlari uni ko‘chirishga ruxsat bermay keldi.
Bu orada Navalniyni zaharlangan deb taxmin qilayotganlar bu harakatni Kremlning rejasi deb baholadi. Ikki kundan keyin siyosatchi Berlinga olib ketildi. Germaniya Hukumati Rossiyadan holat bo‘yicha shaffof tekshiruv boshlashni so‘radi. Kreml bu chaqiruvga munosabat bildirib, zaharlanishni isbotlovchi dalil yo‘qligini ma’lum qildi.
Germaniya esa ittifoqchilari bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilish bo‘yicha muhokamalarni boshlab yubordi.
LiveBarchasi