Belgiyada terakt tayyorlagan chechenistonlik er-xotin qamaldi
Olam
−
10 Sentabr
3888Kecha, 9 sentyabr kuni Belgiyaning Bryugge shahar jinoiy sudi mamlakatda qator teraktlar uyushtirishni rejalashtirgan chechenistonlik shaxslarga hukm chiqardi. Bu haqda mahalliy VRT telekanali xabar berdi.
Guruh rahbari Abubakar ismli shaxs bo‘lib, u 15 yilga, uning rafiqasi esa jinoyatga sheriklikda ayblanib, 8 yilga qamaldi. Yana ikki ayblanuvchi, jumladan, rahbarning ukasi shartli qamoq jazosi va jarimaga tortildi. Sud ish bo‘yicha beshinchi ayblanuvchini oqladi.
“Sud majlisida Abubakar sudyani bir necha marta haqorat qilgan va oxir-oqibat uni kamerasiga qaytarishga to‘g‘ri kelgan”, deyiladi telekanal xabarida.
“Tergov shuni ko‘rsatdiki, guruh Antverpenning bir qancha, jumladan yahudiylar yashaydigan mavzelarida, shuningdek, bar politsiya bo‘limi va NATO binosida hujumlar rejalashtirgan”, deydi Bryugge sudi matbuot kotibi Ameli Van Bellegem.
Sudda ta’kidlanishicha, ayblanuvchilarning terrorchilik hujumi uchun juda aniq rejalari bo‘lgan: xususan, jinoyatchilar qurol saqlash uchun garaj ijaraga olgan, politsiya qo‘ng‘iroqlariga javob berish vaqtini o‘rgangan va hujumlar rejalashtirilgan joylarga tashrif buyurgan. Tergovchilar, shuningdek, Abubakarning ISHID terrorchilik guruhiga sodiqlik qasamyodi keltirgani va bomba yig‘ish bo‘yicha ko‘rsatmalari aks etgan videoni ham topgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyida Belgiya hukumati Chechenistonda tug‘ilgan uch fuqaroni qirollik hududida teraktni moliyalash va tayyorlashda aybladi. Belgiya prokuraturasi 26 iyul kuni gumonlanuvchilar ISHID terrorchilik guruhining afg‘on bo‘linmasi bo‘lmish “Viloyati Xuroson”ga aloqador ekanligini ma’lum qilgandi. Yevropa mamlakatlarida 200 mingdan ortiq etnik chechenlar yashaydi – eng katta diasporalar Fransiya, Germaniya va Avstriyada.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda MDH davlatlaridan birining hududida terakt tayyorlashda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingandi. Terrorchi guruh nomi e’lon qilinmagan. Matbuot markazi xabariga ko‘ra, gumonlanuvchi jinoyat sodir etishga urinishdan oldin “xalqaro terrorchi tashkilot yetakchisiga sodiqlikka qasamyod qilgan”.