Rasman: AQSH Iroqda 12 yillik operatsiya yakunlanganini e’lon qildi
Olam
−
13:14 121 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari va ittifoqchi mamlakatlar kecha, 30 sentyabr kuni Iroqda 12 yillik “O‘zgarmas qat’iyat” (Operation Inherent Resolve) operatsiyasi yakunlanganini e’lon qildi. Bu haqdagi rasmiy bayonot Pentagon saytida e’lon qilindi.
Ushbu bayonot koalitsiyaning shaxsiy tarkibi va harbiy texnikasi Erbil aviabazasidan olib chiqilganidan so‘ng berildi. Press-relizda bu “ISHIDni tor-mor etish bo‘yicha harbiy missiyaning muvaffaqiyatli yakunlanishi” deb atalmoqda:
“Ushbu tarixiy bosqich jangarilarni Iroqda va butun mintaqada uyushgan harbiy tahdid sifatida tor-mor etish bo‘yicha 12 yillik kampaniya muvaffaqiyatini aks ettiradi. U, shuningdek, urush davridagi koalitsion missiyadan Iroq tomonidan boshqariladigan hamda xavfsizlik sohasidagi tobora normal ikki tomonlama munosabatlar bilan qo‘llab-quvvatlanadigan xavfsizlikni ta’minlash harakatlariga o‘tishni anglatadi”.
Missiya 30 sentyabrgacha yakunlanishi haqida joriy yilning yozida e’lon qilingan edi. 2024 yildayoq AQSH va Iroq uni ikki bosqichda yakunlashga kelishib olishgandi. Dastlab bevosita Iroqdagi harbiy missiyani 2025 yilning sentyabrigacha yakunlash rejalashtirilgan edi, biroq Suriyadagi ISHIDga qarshi operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakat hududidan foydalanish 2026 yilning sentyabrigacha ko‘zda tutilgandi. Joriy yilning iyul oyida Vashington va Bag‘dod 30 sentyabrni Iroqda Operation Inherent Resolve yakunlanishining uzil-kesil sanasi sifatida tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, operatsiya 2014 yilning avgust oyida, ISHID tomonidan Iroq va Suriyaning katta hududlari egallab olinganidan so‘ng boshlangan edi. AQSH va ularning ittifoqchilari (ular orasida Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya va boshqalar bor) guruh pozitsiyalariga havo zarbalari berdi va Iroq kuchlarini o‘qitdi.
ISHIDning Iroqdagi hududiy “xalifaligi” 2017 yilning oxiriga kelib tugatildi, ammo xalqaro koalitsiya guruhning qolgan yacheykalariga qarshi operatsiyalarni davom ettirdi. Joriy yilning bahoriga kelib, qolgan amerikalik harbiy xizmatchilar asosan Iroq Kurdistonida joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya o‘zi foydalanib kelgan mamlakatdagi siyosiy va harbiy bazalar hamda shtablarning barchasini Iroq hukumatiga topshirgani haqida xabar berilgan edi.