Iroqni tark etish: tarix va Pentagon aytmayotgan sabablar

Tahlil

−

Reklama
0:00

23 yil. Iroq uzoq vaqt davomida AQSH harbiylari uchun qaysidir ma’noda harbiy maydonga aylanib qolgan edi. 2003 yilda Saddam Husayn rejimini ag‘darish bahonasi bilan mamlakatga bostirib kirgan AQSH qo‘shinlari o‘rtadagi ikki yarim yillik qisqa tanaffusni hisobga olmaganda shu yilning sentyabr oyi oxiriga qadar Iroq hududlarida harbiy amaliyotlar olib bordi.

Shu yilning 30 sentyabr kuni Pentagon ISHID mag‘lub etilganini, endi AQSH qo‘shinlarining Iroqda “qiladigan ishi qolmaganini” aytib, harbiylarini olib chiqib ketdi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, bundan 12 yil muqaddam ISHID terrorchi guruhlariga qarshi kurashish bahonasi bilan qayta kiritilgan Amerika harbiylari o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifani bajarib bo‘ldi va mintaqani butunlay tark etdi. Ammo keltirilayotgan sabablar xalqaro tahlilchilarni u qadar ham ishontirmayapti.

Xo‘sh, unda nima sabab bo‘ldiki, Trampdek prezident davrida nega AQSH Iroqni o‘z ta’sir hududidan qo‘yib yuboryapti? Pentagon yashirayotgan sabablar nima

23 yillik tarix

AQSHning Iroqqa qarshi harbiy harakatlari aslida 2003 yildan emas, undan o‘n ikki yil oldin boshlangan. 1990 yilda Saddam Husayn qo‘shinlarining Quvaytga bostirib kirishi Vashingtonni Bag‘dodga qarshi xalqaro koalitsiya tuzishga undagandi.

1991 yil 16 yanvarda AQSH boshchiligidagi kuchlar Iroqqa qarshi havo hujumlarini boshlaydi, 24 fevralda quruqlikdagi operatsiya boshlanadi va atigi 100 soat ichida Iroq armiyasi Quvaytdan chiqarib yuborildi. 28 fevralda AQSH prezidenti Katta Jorj Bush jangovor harakatlarni to‘xtatganini e’lon qildi.
Ammo Saddam Husayn hokimiyatda qolayotgan edi. Keyingi o‘n ikki yil davomida AQSH va Buyuk Britaniya Iroq osmonini nazorat qildi, Bag‘dod esa BMT sanksiyalari va qurolsizlanish talablari ostida qoldi.

2001 yil 11 sentyabr xurujlaridan keyin Vashingtonning Saddam rejimiga munosabati yanada keskinlashdi. Kichik Jorj Bush ma’muriyati Iroq ommaviy қир­ғин qurollariga ega ekani va xalqaro xavfsizlikka tahdid solayotganini ta’kidladi. 2003 yil 5 fevralda esa AQSH Davlat kotibi Kolin Pauell BMT Xavfsizlik Kengashida Iroqning yashirin kimyoviy va biologik qurol dasturi borligini ko‘rsatuvchi razvedka ma’lumotlarini taqdim etdi. Vaholanki, keyinchalik bu ma’lumotlarning katta qismi xato bo‘lgani oydinlashdi.

2003 yil 20 martda Prezident Jorj Bush Iroqqa bostirib kirish va “Iroq ozodligi” (Operation Iraqi Freedom) nomi bilan tarixga kirgan operatsiyani boshlashga buyruq berdi. AQSH va ittifoqchi qo‘shinlar qisqa muddatda Bag‘dodga yetib bordi, 9 aprel kuni poytaxt ustidan nazorat o‘rnatildi, Saddam Husayn boshliq rejim ag‘darildi. Ammo urush shu bilan nihoyasiga yetib qolmadi. Rejimning ag‘darilishi ortidan qo‘zg‘olon, mazhablararo zo‘ravonlik va turli qurolli guruhlar bilan kurash boshlandi.

Saddam Husayn 2003 yil 13 dekabrda Tikrit shahri yaqinida qo‘lga olindi. 2004–2006 yillarda AQSH qo‘shinlari sunniy qo‘zg‘olonchilar, “Al-Qoida”ning Iroqdagi bo‘linmalari va boshqa qurolli guruhlarga qarshi jang olib bordi. 2006 yil 30 dekabrda Saddam Husayn Iroq sudi hukmi bilan qatl etildi. Biroq bu Iroq uchun tinchlik olib kelmadi.

2007 yil boshida Iroqda 130 000–132 000 nafar askar bor edi. Ammo mamlakatdagi fuqarolar urushи­ни bostirish va “Al-Qoida”ga qarshi turish uchun Prezident Bush Iroqqa yana qo‘shimcha taxminan 30 ming askar yubordi.

2008 yil noyabrida AQSH va Iroq hukumatlari AQSH – Iroq xavfsizlik kelishuvini imzoladi. Unga ko‘ra, AQSH jangovor kuchlari Iroqdan 2011 yil oxirigacha olib chiqilishi kerak edi. Prezident Barak Obama 2010 yil 31 avgustda AQSHning Iroqdagi jangovor missiyasi tugaganini tantanavor e’lon qildi. O‘sha paytda qariyb 100 ming amerikalik harbiy Iroqdan olib chiqilgan, yuzlab harbiy bazalar yopilgan yoki Iroq hukumatiga topshirilgan edi.

2011 yil 18 dekabrda so‘nggi AQSH harbiy kolonnasi Iroq hududini tark etdi. Qariyb 9 yil davom etgan urushning birinchi bosqichi shu tariqa yakunlandi. Obama ma’muriyati endi Iroq xavfsizligi uchun mas’uliyat to‘liq Bag‘dod zimmasiga o‘tganini ta’kidladi.

Ammo tanaffus uzoq davom etmadi. 2014 yilda ISHIDga qarshi kurashish da’volari bilan AQSH yana Iroqqa qo‘shin kiritdi. Avgust oyida ISHID bazalariga havo zarbalari boshlandi, 17 oktyabrda esa Pentagon “O‘zgarmas qat’iyat” (Operation Inherent Resolve) – ISHIDni mag‘lub etishga qaratilgan xalqaro koalitsiya harbiy operatsiyasini rasman tashkil etdi. Ommaviy axborot vositalarida bu qaror Iroq hukumatining iltimosiga binoan ISHIDga qarshi kurashish, mahalliy kuchlarni tayyorlash va ularga havo yordami ko‘rsatish uchun deb e’lon qilindi.

Keyingi uch yil davomida asosiy janglarni Iroq xavfsizlik kuchlari olib bordi, AQSH boshchiligidagi koalitsiya esa havo zarbalari, razvedka, qurol-yarog‘ va harbiy maslahat bilan ularni qo‘llab-quvvatladi. 9 dekabr kuni Iroq hukumati mamlakat hududida ISHID ustidan harbiy g‘alaba qozonilganini e’lon qildi.

Shundan keyin ham AQSH kuchlari mamlakatdan chiqib ketmadi. Harbiy maqsad o‘zgartirilib, keng ko‘lamli janglardan ko‘ra, Iroq xavfsizlik kuchlarini tayyorlash, razvedka va terrorizmga qarshi operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash asosiy yo‘nalishga aylandi. Biroq Vashingtonning Iroqdagi mavjudligi Eron bilan bog‘liq qurolli guruhlar bilan qarama-qarshilikni ham kuchaytirdi. 2020 yil 3 yanvarda AQSH Bag‘dod aeroporti yaqinida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining Quds harakati qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy va Iroqdagi “Hashd ash-Sha’biy” tuzilmasining yuqori martabali vakili Abu Mahdiy al-Muhandisni o‘ldirdi. Bu voqeadan keyin Iroq parlamentida AQSH va boshqa xorijiy kuchlarni mamlakatdan chiqarish talabi ilgari surildi.

2024 yilga kelib Vashington va Bag‘dod AQSH boshchiligidagi ISHIDga qarshi koalitsiyaning Iroqdagi missiyasini bosqichma-bosqich tugatish bo‘yicha kelishib oldi. AQSH kuchlari 2025 yil davomida Iroqning aksariyat hududlaridagi bazalarini tark etdi, shimoldagi Kurdiston hududidagi Erbil atrofida esa cheklangan kontingent qoldi.

Nihoyat, 2026 yil 30 sentyabrda AQSH Iroqdagi so‘nggi harbiylarini ham olib chiqdi. Pentagon buni ISHIDning Iroqdagi uyushgan harbiy kuch sifatidagi mag‘lubiyati va xavfsizlik mas’uliyatining Iroq tomoniga qaytarilishi bilan izohladi.

Ammo, aslida…

Aytilmayotgan sabablar

30 sentyabr kuni AQSH qo‘shinlari yana bir bor Iroqni tark etdi. Bu gal qancha muddatga – hali noma’lum. Pentagon saytida e’lon qilingan rasmiy bayonotda buni g‘alaba deb baholashmoqda. 12 yillik operatsiya o‘z nihoyasiga yetdi.

“Ushbu tarixiy bosqich jangchilarni Iroqda va butun mintaqada uyushgan harbiy tahdid sifatida tor-mor etish bo‘yicha 12 yillik kampaniya muvaffaqiyatini aks ettiradi. U, shuningdek, urush davridagi koalitsion missiyadan Iroq tomonidan boshqariladigan hamda xavfsizlik sohasidagi tobora normal ikki tomonlama munosabatlar bilan qo‘llab-quvvatlanadigan xavfsizlikni ta’minlash harakatlariga o‘tishni anglatadi”, deyiladi bayonotda.

AQSHning Iroqdan chiqib ketishi Pentagon ta’kidlaganidek, ISHIDga qarshi missiyaning yakunlanishi va Iroq xavfsizlik kuchlari mamlakat mudofaasini mustaqil ravishda ta’minlay oladigan bosqichga yetgani bilan izohlanmoqda. Ammo bu qarorning ortida faqat harbiy vazifa tugagani emas, Iroq ichidagi siyosiy bosim, suverenitet masalasi va AQSH – Eron qarama-qarshiligining Bag‘dodga qilayotgan bosimi ham bor.

Aslida, 30 sentyabrdagi “chekinish” 2024 yilda Vashington va Bag‘dod o‘rtasida kelishilgan kelishuvning bir qismi edi. Uzoq yillik harbiy amaliyotlardan so‘ng Bag‘dod o‘z suverenitetini so‘rab chiqqan edi.

“Xalqaro koalitsiyaning Iroqdagi harbiy missiyasi tugadi. Iroq endi 2014 yildagi Iroq emas – biz ISHIDni mag‘lub etdik va xavfsizlik kuchlarimiz mamlakat suverenitetini mustaqil ravishda himoya qilishga to‘liq qodir”, degan edi Iroq Bosh vaziri.

2003 yilda Saddam Husayn rejimini ag‘darish uchun kirgan AQSH armiyasi keyingi yillarda Iroq siyosatining eng muhim tashqi harbiy omiliga aylandi. Hatto 2014 yilda ISHIDga qarshi kurash bahonasida qaytganidan keyin ham Vashingtonning mamlakatdagi mavjudligi faqat terrorizmga qarshi operatsiya masalasi bo‘lib qolmadi, aksincha harbiy qudrat mamlakat ishlariga “burun suqish” vositasiga aylandi. AQSH harbiylari Iroq xavfsizlik tizimini tayyorladi, razvedka ma’lumotlari bilan ta’minladi va ayni paytda Bag‘dod qarorlariga sezilarli siyosiy ta’sir ko‘rsatadigan kuchga aylandi. “The Soufan Center” tahliliga ko‘ra, AQSH kontingenti avvalgi 100 ming kishilik kuch bilan solishtirilganda ancha kichraygan bo‘lsa-da, uning mavjudligi Vashingtonga Iroqdagi qarorlar qabul qilish jarayonida katta ta’sir vositasini saqlab qolish imkonini bergan.

Ammo Iroq siyosatida “AQSH qachongacha qoladi?” degan savol tobora kuchayib bordi. Ayniqsa, Eron bilan yaqin aloqadagi shi’a siyosiy kuchlari va qurolli guruhlar Amerika harbiylarini mamlakat suverenitetiga zid bo‘lgan tashqi kuch sifatida ko‘rib kelgan. Ularning asosiy talabi oddiy edi: Iroq hududidagi qurolli kuchlar ustidan yakuniy nazorat faqat Bag‘dod hukumatida bo‘lishi kerak.

Bu bosim 2024 yilda siyosiy kelishuvga aylandi. Bag‘dod va Vashington ISHIDga qarshi xalqaro koalitsiyaning Iroqdagi harbiy missiyasini tugatish va xavfsizlik munosabatlarini oddiy ikki tomonlama hamkorlikka o‘tkazishga kelishib oldi. Ya’ni AQSH endi Iroqda katta koalitsion harbiy operatsiya olib boruvchi kuch emas, balki kerak bo‘lganda razvedka, tayyorgarlik va maslahat bilan yordam beruvchi hamkor bo‘lishi kerak.

Biroq bu jarayonning eng ahamiyatli tomoni AQSHning o‘zi emas, harbiylarning ketishidan keyin Iroq ichida yuzaga keladigan vaziyatdir. Chunki mamlakatda AQSHga qarshi kayfiyat faqat siyosiy bayonotlar bilan cheklanmaydi. Eron bilan aloqador “Kataib Hizbulloh”, “Harakat Hizbulloh an-Nujabo” va boshqa qurolli guruhlar Iroqning siyosiy va xavfsizlik tizimida o‘z ta’siriga ega. Ularning ayrimlari rasman Xalq safarbarlik kuchlari – “Hashd ash-Sha’biy” tarkibiga kiradi va davlatdan maosh oladi, biroq ayrim guruhlar amalda mustaqil harbiy salohiyatini saqlab qolgan. Bu esa Iroq davlatida qaror qabul qilish monopoliyasi masalasini ochiq qoldirmoqda.

Bundan tashqari, Eron bilan yaqin guruhlarning ayrimlari qurollarini topshirishga qarshi chiqmoqda. “The Soufan Center” ma’lumotiga ko‘ra, ayrim guruhlar 30 sentyabrga belgilangan qurolsizlanish muddatini qabul qilmagan va hukumat keyinchalik muddatni 2027 yilning iyunigacha surishga majbur bo‘lgan.

Biroq G‘arb manbalari tomonidan sizdirilayotgan ayni xavf, aks ta’sirni ham ko‘rsatish mumkin. Ya’ni, AQSH kabi kuchlarning bo‘lmasligi unga qarshi harakatlarning sababini ham yo‘qqa chiqaradi.

Yana bir sabab – Iroqning AQSH va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik markazida qolib ketgani. 2026 yilda AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan paytda Iroq bu ikki davlat o‘rtasidagi kurashdan chetda qolishga harakat qildi. Ammo mamlakat hududidagi Tehronni qo‘llovchi qurolli guruhlar AQSH ob’ektlariga hujum qilgani Vashingtonning harbiy bazalarni saqlash imkoniyatini pasaytirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron bilan bog‘liq guruhlar AQSH elchixonasi, Bag‘dod xalqaro aeroporti, Iroq Kurdistonidagi aeroportlar va neft-gaz ob’ektlariga qarshi yuzlab raketa va dron hujumlarini amalga oshirgan. AQSH esa ayrim hollarda bu guruhlarning pozitsiyalariga zarbalar bergan. Bu vaziyatda Bag‘dod uchun AQSH harbiylarini mamlakatda olib turish juda xavfli.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH kuchlarining katta qismi Iroqning shimolidagi Kurdiston hududida, xususan Erbil atrofida joylashgan edi. Ushbu hudud ISHID xavfiga qarshi kurashda AQSH uchun muhim tayanch nuqta bo‘lib kelgan, biroq ayni paytda u Eron bilan bog‘liq guruhlarning raketa va dron hujumlari nishoniga ham aylangan.

Shu nuqtada AQSHning chiqib ketishi shunchaki “muvaffaqiyatli o‘tgan operatsiya” emas, balki harbiy va siyosiy bosim hosilasi deyish mumkin. Vashington uchun Iroqdagi katta harbiy missiyani tugatish bir vaqtning o‘zida resurslarni tejash, harbiy xavf-xatarlarni kamaytirish harakatidir. Bag‘dod uchun esa bu nihoyat “Iroq xavfsizligi uchun Iroqning o‘zi javob beradi” degan siyosiy tamoyilni qabul qilish demakdir.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing