Bekmurod Abdullayev aybsiz deb topilgani aytildi (video)

Jamiyat

−

image

Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va u bilan sudlangan boshqa xodimlar aybsiz deb topilgan. Bu haqda bugun, 9 oktyabr kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Qonun ustuvorligi va jamoat xavfsizligi: Ichki ishlar organlarining 9 oylik faoliyat yakunlari va ustuvor vazifalar” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ma’lum qildi.

“Ushbu rahbar xodimimizdan boshqa rahbar xodimlar va oddiy xodimlarning ham aybsizlik masalasi aniq belgilab berildi”, deydi Ramazon Ashropov. 

Shuningdek, u masalani ushbu matbuot anjumanida muhokama qilish noo‘rin ekanini, chunki tergov qilgan organ boshqa, ko‘rib chiqib, hukm o‘qigan idora boshqa ekanini bildirgan.

“Ular bo‘yicha ham anjuman o‘tkaziladi va o‘sha tergov qilgan hamda hukm chiqargan idoradan so‘raysiz, savollaringiz bo‘lsa. Bu masalada biz umumiy qilib aytishimiz mumkin: bitta Abdullayev emas, u yerda boshqa rahbar yoki xodimlarning aybsizlik masalasi ham to‘liq ko‘rib chiqilgan”, deydi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning aprelida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Bekmurod Abdullayev 2025 yilning 3 noyabr kuni ishdan bo‘shatildi. 2026 yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, vazir o‘rinbosari qamoqqa olingani aytildi. Aprel oyining o‘rtalariga kelib, Bekmurod Abdullayev tomonidan davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani uchun ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi, biroq huquq-tartibot organlari bu xabarlarni tasdiqlagani yo‘q, lekin rad ham etmadi.

Keyinroq, Bekmurod Abdullayev, Rustam Tursunov va yana 28 kishiga oid jinoyat ishi shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligi sababli yopiq sud majlisida ko‘rilayotgani aytildi. Sud yakunlari bo‘yicha esa rasmiy ma’lumot berilmadi. QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Bekmurod Abdullayevga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmagan va u oqlangan.

Joriy yilning 24 sentyabr kuni Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan general-mayor Bekmurod Abdullayev Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘i lavozimiga tayinlangani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing