Abdullayev sudi nega yopiq o‘tkazilayotgani sababi aytildi

3-sahifa

image

Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov va yana 28 kishiga oid jinoyat ishi shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligi sababli yopiq sud majlisida ko‘rilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar sudlari Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Gap shundaki, bugun, 29 iyul kuni Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov va yana 28 kishi ayblanayotgan korrupsion ish bo‘yicha Yangihayot tuman sudida birinchi mahkama bo‘lib o‘tishi belgilangan edi. Sud kutilmaganda hech qanday ogohlantirishsiz Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bunga hech bir rasmiy izoh bermadi. Bu ham yetmagandek, JIB Yunusobod tumani sudiga yetib borgan ommaviy axborot vositalari xodimlari sud binosiga kiritilmadi, ularga sud yopiq tarzda o‘tkazilayotgani aytildi. 

Sud binosi oldida hozir bo‘lgan QALAMPIR.UZ muxbiri voqea joyidan Sanjar Maxametov raisligida o‘tayotgan sud majlisiga jurnalistlar kiritilmagani, tushuntirish berilmagani, holbuki, sud tomonlar sudning yopiq o‘tishi, unga jurnalistlarning kiritilmasligi bo‘yicha iltimosnoma kiritgan yo kiritmagani haqida ma’lumot mavjudmasligi haqida axborot berdi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Toshkent shahar sudlari ushbu sud majlisi xususida rasmiy bayonot berib, sudning yopiq o‘tkazilishiga quyidagi vajni keltirdi: 

“Qayd etilgan jinoyat ishlarida shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligidan kelib chiqib, sud ajrimlariga asosan, jarayon yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi belgilandi”.

Ma’lumot uchun, sud hujjatlariga ko‘ra, Bekmurod Abdullayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)  3-qismi “a”, “b” va “g” bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

Mazkur jinoyat ishi doirasida jami 30 nafar shaxsga nisbatan ayblov qo‘yilgan. Qayd etilishicha, ularning aksariyati Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan bir qatorda boshqa iqtisodiy va mansabga oid jinoyatlarda ham ayblanmoqda.

Ilova qilingan sud ro‘yxatiga ko‘ra, ayblanuvchilar orasida sobiq mansabdorlar Hoshim Yo‘ldoshev, Jahongir Qurbonov, Dilshod Tashev va Rustam Tursunov ham bor. Ularga nisbatan o‘zlashtirish yoki rastrata, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi, shuningdek ayrim holatlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi moddalar bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning aprelida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Bekmurod Abdullayev 2025 yilning 3 noyabr kuni ishdan bo‘shatildi. 2026 yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, vazir o‘rinbosari qamoqqa olingani aytildi. Aprel oyining o‘rtalariga kelib, Bekmurod Abdullayev tomonidan davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani uchun ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi, biroq huquq-tartibot organlari bu xabarlarni tasdiqlagani yo‘q, lekin rad ham etmadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing