Bekmurod Abdullayev sudi sudyalarga nisbatan ehtimoliy bosimlar sabab yopiq o‘tmoqda
3-sahifa
−
09:52 4474 3 daqiqa
Bekmurod Abdullayev va boshqalarga oid sud maxfiy hujjatlar, ma’lumotlar hamda sudyalarga nisbatan ehtimoliy bosimlar sabab yopiq o‘tmoqda. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bugun, 31 iyul kuni Toshkent shahar sudi binosida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda bildirilishicha, mazkur jinoyat ishining hajmi nihoyatda katta bo‘lib, u 368 jilddan iborat. Ish bo‘yicha 30 nafar shaxs sudlanmoqda, ularning 15 nafariga qamoqqa olish, 11 nafariga esa garov hamda boshqa ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Matbuot kotibi sud majlisining yopiq o‘tkazilishini amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksi talablari hamda bir qator huquqiy va xavfsizlik omillari bilan izohladi.
“Jinoyat-protsessual qonunchiligida ochiq sud majlisida ko‘riladigan ayrim toifadagi ishlarni yopiq majlisda o‘tkazishga yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Masalan, fuqarolarning shaxsiy hayoti, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik, shuningdek, jabrlanuvchi, guvoh yoki boshqa ishtirokchilar va ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini ta’minlash taqozo etilgan hollarda ish yopiq ko‘rilishi mumkin”, deydi Tursunali Akbarov.
-Recovered-Recovered-Recovered-Revered-Recovered(1).jpg)
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu jinoyat ishida davlat manfaatlariga doir hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan, shu jumladan, “Xizmat doirasida foydalanish uchun” (XDFU) grifi ostidagi maxfiy hujjatlar va ma’lumotlar mavjud. Ularning oshkor bo‘lishi davlat manfaatlari va amaldagi qonunchilik talablariga zid keladi.
Shuningdek, rasmiy vakil ommaviy axborot vositalari va blogerlarning ochiq majlisdagi ishtiroki jarayonga ta’sir ko‘rsatishi hamda sudyalarga nisbatan ijtimoiy bosim o‘tkazish xavfini tug‘dirishini bildirdi.
“Ayrim ma’lumotlar OAV yoki blogerlar orqali jamoatchilikka sizib chiqsa, turli noto‘g‘ri xulosa va muhokamalarga sabab bo‘lishi, natijada sudyaga nisbatan ijtimoiy bosim paydo bo‘lishi mumkin. Tasvirga olish va doimiy kuzatuv sudya ishini murakkablashtiradi va chalg‘itadi. Shuningdek, jarayondagi shaxsiy yozishmalarni o‘qib eshittirish faqat shaxslar roziligi bilan, ular norozi bo‘lganda esa faqat yopiq majlisda amalga oshiriladi. Shu sababli, ijtimoiy bosimning oldini olish hamda qonun talablariga rioya etish maqsadida mazkur ish yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda”, deydi Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi.
Ma’lumot uchun, sud hujjatlariga ko‘ra, Bekmurod Abdullayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “b” va “g” bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.
Mazkur jinoyat ishi doirasida jami 30 nafar shaxsga nisbatan ayblov qo‘yilgan. Qayd etilishicha, ularning aksariyati Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan bir qatorda boshqa iqtisodiy va mansabga oid jinoyatlarda ham ayblanmoqda.
Ilova qilingan sud ro‘yxatiga ko‘ra, ayblanuvchilar orasida sobiq mansabdorlar Hoshim Yo‘ldoshev, Jahongir Qurbonov, Dilshod Tashev va Rustam Tursunov ham bor. Ularga nisbatan o‘zlashtirish yoki rastrata, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi, shuningdek ayrim holatlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi moddalar bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning aprelida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Bekmurod Abdullayev 2025 yilning 3 noyabr kuni ishdan bo‘shatildi. 2026 yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, vazir o‘rinbosari qamoqqa olingani aytildi. Aprel oyining o‘rtalariga kelib, Bekmurod Abdullayev tomonidan davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani uchun ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi, biroq huquq-tartibot organlari bu xabarlarni tasdiqlagani yo‘q, lekin rad ham etmadi.
Live
Barchasi