“Ijtimoiy bosim”, “yopiq auksion” va “harbiy mansabdorlik” — sobiq amaldorlarning sudi nega yopiq ko‘rilayotgani ochiqlandi
3-sahifa
−
01 avgust 3113 4 daqiqa
Katta lavozim egasi bo‘lgan, lekin xozir jinoyatda ayblanayotgan sobiq amaldorlarning sudi yopiq tarzda o‘tishi jamoatchilikda turli savollarni keltirib chiqargan edi. Xususan joriy yil, 29 iyul kuni boshlangan Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov hamda yana 28 kishiga oid jinoyat ishi atrofida bahsli vaziyat yuzaga keldi. Ular vazirlik tizimidagi davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilishda ayblanayotgandi.
Bir qator OAVlarda e’tirozli materiallar e’lon qilingach, Toshkent shahar sudlarining rasmiy telegram-kanalida yana bir nechta amaldorlarga oid sudlar yopiq tarzda o‘tayotgani ma’lum qilindi. Ular orasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq direktori Akmalxon Ortiqov va Davlat xavfsizlik xizmati Ichki xavfsizlik boshqarmasi sobiq boshlig‘i Alijon Ashurovga oid jinoyat ishi ham bor edi. Kecha, 31 iyul kuni Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarov bu sudlar nega yopiq ko‘rilayotganiga izoh berdi. Dastlab Ichki ishlar vazirligi tizimidagi sobiq amaldorlar ishiga to‘xtaldi,
“Jinoyat-protsessual qonunchiligida ochiq sud majlisida ko‘riladigan ayrim toifadagi ishlarni yopiq majlisda o‘tkazishga yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Masalan, fuqarolarning shaxsiy hayoti, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik, shuningdek, jabrlanuvchi, guvoh yoki boshqa ishtirokchilar va ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini ta’minlash taqozo etilgan hollarda ish yopiq ko‘rilishi mumkin”, deydi Tursunali Akbarov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu jinoyat ishida davlat manfaatlariga doir hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan, shu jumladan, “Xizmat doirasida foydalanish uchun” (XDFU) grifi ostidagi maxfiy hujjatlar va ma’lumotlar mavjud. Ularning oshkor bo‘lishi davlat manfaatlari va amaldagi qonunchilik talablariga zid kelishi ta’kidlandi.
Shuningdek, rasmiy vakil ommaviy axborot vositalari va blogerlarning ochiq majlisdagi ishtiroki jarayonga ta’sir ko‘rsatishi hamda sudyalarga nisbatan ijtimoiy bosim o‘tkazish xavfini tug‘dirishini bildirdi.
“Ayrim ma’lumotlar OAV yoki blogerlar orqali jamoatchilikka sizib chiqsa, turli noto‘g‘ri xulosa va muhokamalarga sabab bo‘lishi, natijada sudyaga nisbatan ijtimoiy bosim paydo bo‘lishi mumkin. Tasvirga olish va doimiy kuzatuv sudya ishini murakkablashtiradi va chalg‘itadi. Shuningdek, jarayondagi shaxsiy yozishmalarni o‘qib eshittirish faqat shaxslar roziligi bilan, ular norozi bo‘lganda esa faqat yopiq majlisda amalga oshiriladi. Shu sababli, ijtimoiy bosimning oldini olish hamda qonun talablariga rioya etish maqsadida mazkur ish yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda”, deydi Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi.
Yana bir shov shuvli vaziyatga o‘tsak. Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi)ning bir qator qism va bandlari bo‘yicha ayblanayotgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq direktori Akmalxon Ortiqov hamda u bilan birga yana 5 kishining sudi ham “yopiq” deb ta’riflangandi.
“Yopiq auksionlar asosan davlat mulkini boshqarish, strategik yer uchastkalarini ajratish, xavfsizlik tizimlari bilan bog‘liq loyihalar hamda aktivlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Shunday holat bo‘lgandan keyin, qonun bilan muhofaza qilinadigan ma’lumotlar mavjudligi sababli, xohlaymizmi-yo‘qmi, bunday sud majlislari yopiq tarzda o‘tkaziladi”, dedi Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarov.
Davlat xavfsizlik xizmati Ichki xavfsizlik boshqarmasi sobiq boshlig‘i Alijon Ashurov va yana 3 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ham yopiq ko‘rilayotgan ishlar qatorida bor edi.
“Ushbu jinoyat ishida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishdan tashqari, harbiy mansabdorlik jinoyatlari turkumiga kiruvchi ayblovlar ham bor. Harbiy sohaga oid ma’lumotlar qonun bilan qo‘riqlanuvchi va sir saqlanuvchi yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Aynan shu sababdan ham ushbu sud jarayoni yopiq majlisda ko‘rib chiqilmoqda”, deydi Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarov.
Ha, qonuniy asos bor. Undan chetga chiqib bo‘lmaydi. Ammo ayrim OAV vakillari va jamoatchilik faollarida shaxsiy hayotiga emas, fuqarolar to‘lagan solig‘i asosida shakllangan davlat byudjetini talon-taroj qilishda ayblanayotganlarning sudi imkon qadar ochiq ko‘rilishi kerak degan fikrlar ham yo‘q emas. Nima bo‘lganda ham QALAMPIR.UZ jahon va jamiyatdagi eng muhim voqeliklarni kuzatib borishda ham tahlil qilishda davom etadi.
Live
Barchasi