Bekmurod Abdullayev yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
24 Sentyabr 4713 2 daqiqa
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan general-mayor Bekmurod Abdullayev Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Buni Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov QALAMPIR.UZ’ga tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, Bekmurod Abdullayev 1975 yilda tug‘ilgan. 1997 yilda Mudofaa vazirligi Samarqand oliy harbiy avtomobil va muhandislar qo‘mondonlik bilim yurtini, 2009 yilda Namangan davlat universitetini tamomlagan. U 2020-2021 yillarda Milliy gvardiya qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan. 2021 yildan 2025 yilgacha Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning aprelida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Bekmurod Abdullayev 2025 yilning 3 noyabr kuni ishdan bo‘shatildi. 2026 yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, vazir o‘rinbosari qamoqqa olingani aytildi. Aprel oyining o‘rtalariga kelib, Bekmurod Abdullayev tomonidan davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani uchun ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi, biroq huquq-tartibot organlari bu xabarlarni tasdiqlagani yo‘q, lekin rad ham etmadi.
Keyinroq, Bekmurod Abdullayev, Rustam Tursunov va yana 28 kishiga oid jinoyat ishi shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligi sababli yopiq sud majlisida ko‘rilayotgani aytildi. Sud yakunlari bo‘yicha esa rasmiy ma’lumot berilmadi. QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Bekmurod Abdullayevga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmagan va u oqlangan.
Live
Barchasi