Bayrutda hukumatga qarshi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi (video)

Olam

image

Bugun, 22 mart kuni Livan poytaxti Bayrutda ishchilarning ijtimoiy ahvoli yomonlashgani sababli ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Riada Solha maydoniga yig‘ilgan fuqarolar “Seray” hukumat saroyini egallab olishga urindi.

Namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz qo‘llagan politsiya kuchlari ularni to‘sib qo‘ydi, oqibatda faollarning bir qismi yaralandi.

“Kasaba uyushmalari chaqirig‘i bilan maydonga minglab odamlar keldi. Livanliklar milliy valyutaning qulashi tufayli misli ko‘rilmagan darajada g‘azabda. Hukumat vaziyatni yaxshilash uchun hech narsa qilmayapti, shuning uchun xalq o‘z huquqlarini himoya qilish uchun ko‘chaga chiqdi”, deydi namoyishchilardan biri, muhandis Husayn Hammud.

Livan o‘qituvchilari kasaba uyushmasi rahbari Muhammad Qosim esa namoyishchilar hukumatdan ish haqi va mehnat pensiyalarini zudlik bilan indeksatsiya qilishni talab qilishini ta’kidlagan. U aholining 70 foizdan ortig‘i zo‘rg‘a kun kechirayotgan bir sharoitda fuqarolarning bunday talabi qonuniy va mantiqiy ekanini aytgan. 

“Ammo biz hokimiyatdagi Vazirlar Mahkamasi mehnatkashlarni emas, balki mavjud korrupsion tizimni himoya qilib, bizga qarshi kuch ishlatayotganini ko‘rmoqdamiz. Livan iqtisodiyoti ko‘z o‘ngimizda tanazzulga yuz tutmoqda, qashshoqlik va ishsizlik ortib bormoqda, mamlakatga tartibsizlik tahdid solmoqda. Hozirgi sharoitda fuqarolar tashabbus ko‘rsatishi va bankrot bo‘lgan hukumatni olib tashlashga intilishi kerak, shuning uchun norozilik va ish tashlash harakati kuchaymoqda”, degan Muhammad Qosim.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda inflyatsiya darajasi bo‘yicha Livan (162,4%) dunyoda Zimbabvedan (280,4%) keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Livandagi ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz XIX asr o‘rtalaridan buyon dunyoda kuzatilgan eng halokatli inqirozga  aylangan. YAIMning pasayishi 2020 yilda 20,3 foizni, 2021 yilda 10,5 foizni, 2022 yilda 5,4 foizni tashkil etgan. Joriy yilning 21 mart kuni Livan funt sterlingi kursi rekord darajada qadrsizlangan. Uning 1 dollar uchun qiymati 100 000 dan 120 000 funtgacha tushgan. 2019 yil oktyabr oyidan buyon dollar Livan funtiga nisbatan 80 marta qimmatlashgan.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Bayrut norozilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing