Baydenni Ukraina va boshqa davlatlar nazorat qilyapti – Tramp

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp Amerikaning amaldagi yetakchisi Jo Bayden Ukraina va boshqa bir qator davlatlar tomonidan nazorat qilinishi, Oq uy rahbari ulardan millionlab dollar olganini aytdi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

"Jo Bayden Xitoy, Ukraina va boshqa bir qancha davlatlar tomonidan butunlay nazorat qilinadi. Ular u haqida, uning barcha xatolari haqida hamma narsani biladi", deb yozgan Tramp.

Shuningdek, Oq uyning sobiq rahbari Baydenni “mamlakatni do‘zaxga olib borayotgan” prezident deb atagan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Baydenlar oilasi xorijiy davlatlardan 20 million dollardan ortiq mablag‘ olgan va hozirda AQSHning amaldagi Prezidenti “shantaj” qilinmoqda.

Aytish joizki, sobiq prezident amaldagi ma’muriyatni, jumladan, uning Ukrainaga milliardlab AQSH dollari jo‘natish qarorini bir necha bor tanqid qilgan.

Ma’lumot uchun, AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadi. Tramp 2022 yil noyabrida eng yuqori davlat lavozimi uchun kurashga qo‘shilishini e’lon qilgan. Bayden joriy yilning aprel oyida qayta saylanish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Kongressida Baydenga impichment e’lon qilish masalasi ko‘tarilgandi.  Baydenning oila a’zolari – Xanter, Jeyms va Xalle Baydenlar hamda ularning kompaniyalari 2015 yildan 2017 yilgacha Xitoyning State Energy HK Limited kompaniyasidan 1,3 million dollar pul olgani aniqlangandi. Shuningdek, Xanter Bayden rossiyalik, qozog‘istonlik hamda ukrainalik tadbirkorlardan pul olgani aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing