Bayden va Makron Eron yadro muammosini birgalikda hal qilmoqchi
Olam
−
25 yanvar 2021
5449Fransiya va AQSH Prezidentlari Emmanuel Makron hamda Jo Bayden telefon orqali muloqot qilgan. Davlat rahbarlari muloqot chog‘ida Yaqin Sharqdagi muammolarni birgalikda hal qilishga kelishib olgan. Bu haqda "Interfaks" xabar bermoqda.
"Ular Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun birgalikda ishlash istagini bildirishdi", deyilgan xabarda.
Xabarda ta’kidlanishicha, gap Eron yadro dasturi va Livandagi vaziyat haqida borgan.
Umuman olganda, suhbatdoshlar "xalqaro xavfsizlik bilan bog‘liq mavzularda bir-birlari bilan juda hamfikr ekanliklarini" ta’kidlagan.
Avvalroq, Jo Bayden Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bilan telefon orqali suhbatlashib, ko‘rishishga kelishib olgandi.
Eslatib o‘tamiz, 20 yanvar kuni Vashingtonda AQSH Prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamola Harrisning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Bayden rasman AQSHning 46-prezidenti bo‘ldi.