Erdo‘g‘anning rafiqasi uning qo‘lini o‘pmoqchi bo‘lgan Makronga qarshilik ko‘rsatdi (video)
Olam
−
08 iyul 27255 2 daqiqa
Kecha, 7 iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron NATOning Anqaradagi sammiti doirasida o‘tkazilgan rasmiy kutib olish marosimida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emine Erdo‘g‘anning qo‘lini o‘pishga harakat qildi. Bu haqda “Habertürk” xabar berdi.
Marosim chog‘ida Makron Emine Erdo‘g‘an bilan salomlashish uchun yaqinlashgan. U birinchi xonimning qo‘lini o‘pishga uringan, biroq Emine Erdo‘g‘an qo‘lini tortib olgan. Shundan so‘ng ular odatdagidek qo‘l berib ko‘rishgan.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Turk madaniyatida insonlarning qo‘lini o‘pish va uni peshonaga tekkizish hurmat ramzi hisoblanadi. Shu bois Emmanuel Makronning Emine Erdo‘g‘anga nisbatan qilgan harakati ham turk an’analariga hurmat ko‘rsatish istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq Fransiya tomoni bu borada rasmiy izoh bermagan, shuning uchun uning harakatlari noma’lumligicha qolmoqda.
Fransiya Prezidenti bir haftadan buyon jamoat joylarida qora ko‘zoynakda ko‘rinish berayotgan edi. Shuningdek, u NATO sammitiga ham qora ko‘zoynak taqib kelgan. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, bunga uning ko‘zi bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, NATOning 36-sammiti 7–8 iyul kunlari Turkiya poytaxti Anqarada bo‘lib o‘tmoqda. Sammitning asosiy mavzulari mudofaa xarajatlarini oshirish, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Yevropa xavfsizligi masalalaridan iborat.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Suriyaga tashrif buyurgan edi. Shundan so‘ng Emmanuel Makron Suriya Prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashish uchun Prezident saroyiga kirgan vaqtda “Four Seasons” mehmonxonasi yaqinida portlashlar ham sodir bo‘lgan.
Live
Barchasi