Makron Asad hokimiyati ag‘darilgandan so‘ng ilk bor Suriyaga bordi (video)

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kecha, 6 iyul kuni Suriyaga tashrif buyurdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu 2024 yilda Prezident Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asad hokimiyatini ag‘darganidan buyon Yevropa Ittifoqi davlat rahbarining Damashqqa ilk tashrifi hisoblanadi. Tashrif Ahmad ash-Sharaa rahbarligida Suriyaning geosiyosiy mavqei o‘zgarganini ko‘rsatadi. Sobiq “Al-Qoida” qo‘mondoni bo‘lgan Sharaa Asad davrida mamlakatdan uzoqlashgan G‘arb va Yaqin Sharq davlatlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatib, 13 yillik urush vayron qilgan mamlakatni tiklashga intilmoqda.

“Men bu yerga Fransiyaning Suriya xalqiga bo‘lgan sadoqatini tasdiqlash uchun keldim. Suveren, xilma-xilligini saqlagan va qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashaydigan Suriya uchun. Birgalikda barqarorlik va tinchlikning yangi sahifasini ochaylik”, deb yozgan Makron X ijtimoiy tarmog‘ida.

Ma’lum qilinishicha, Damashq aeroportida uni Tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboni kutib olgan. Tashrifning asosiy mavzularidan biri Suriyani qayta tiklash bo‘ladi. Makronga TotalEnergies va CMA CGM kompaniyalari rahbarlari hamrohlik qilmoqda.

Fransiya tomonining bildirishicha, Makron erkin, ko‘p millatli va barcha jamoalar huquqlarini hurmat qiladigan Suriyani qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlaydi hamda turli qatlam vakillari bilan uchrashadi.

Eslatib o‘tamiz, Ahmad ash-Sharaa o‘tgan yili Fransiyaga tashrif buyurib, Asad ag‘darilganidan keyin Yevropaga birinchi safari doirasida Makron bilan uchrashgan edi. Makron G‘arb sanksiyalarini bekor qilishni faol qo‘llab-quvvatlagan yetakchilardan biri bo‘lgan. Sanksiyalarning katta qismi o‘tgan yili bekor qilingan.

Fransiya Prezidenti ma’muriyati vakili Makron Sharaaga Suriya hech qanday sharoitda Livanga qo‘shin kiritmasligi kerakligini ochiq aytganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sharaa ham har qanday iltimos yoki bosimga qaramay bunday qadam tashlamasligini ma’lum qilgan.

Diplomatik manbalarga ko‘ra, muzokaralarda terrorizmga qarshi kurash va diplomatik munosabatlarni yuqori bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilinadi. Hozir Fransiya Suriyada doimiy elchiga emas, balki Beyrutda faoliyat yurituvchi vaqtinchalik ishonchli vakilga ega.

Yevropa Ittifoqi 2025 yil may oyida Suriyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarning barchasini bekor qilgan. Shu bilan birga, Bashar Asadning sobiq ma’muriyati va xavfsizlik bilan bog‘liq ayrim shaxslar hamda tashkilotlarga nisbatan cheklovlar saqlab qolingandi. May oyida YeI Suriya mudofaa va ichki ishlar vazirliklarini ham o‘z ichiga olgan yettita tashkilotni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqargandi.

2025 yil yanvar oyida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Asad ag‘darilganidan keyin Suriyaga tashrif buyurgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘lgan. Shu oyda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ham Damashqqa borgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa aprel oyida Suriyaga tashrifi chog‘ida Ahmad ash-Sharaa bilan uchrashgan.

Ma’lumot uchun, Fransiya 1920–1946 yillarda Suriyani Fransiya mandati ostida boshqargan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing