Bayden Ukrainaning 4,6 mlrd qarzini bekor qilmoqchi
Olam
−
10:43
1368AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Kongressga Ukrainaning iqtisodiy qarzini bekor qilishi haqida bayonot berdi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Bayden ma’muriyati Ukrainaning iqtisodiy yordam uchun berilgan qarzining yarmi, taxminan 4,65 milliard dollarni bekor qilishini ma’lum qilgan. Bu ma’lumotni AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller brifingda tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, AQSH Kongressi joriy yilning aprel oyida Ukraina xavfsizligini ta’minlash uchun 61 milliard dollarlik qo‘shimcha mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgandi.
Ushbu hujjat shartlariga ko‘ra, iqtisodiy yordam, salkam 10 milliard dollar miqdorida bo‘lib, bu mablag‘ Kiyevga bepul emas, balki shartli ravishda qaytariladigan qarz sifatida berilgan.
Shu bilan birga, mazkur hujjat Jo Baydenga ushbu qarzning 50 foizidan kechish huquqini beradi.
Unga ko‘ra, qarzning 50 foizini 2024 yil 15 noyabrdan, ya’ni AQSHdagi prezidentlik saylovlaridan bir hafta o‘tgach, amaldagi Prezident, qolgan 50 foizidan esa 2026 yilning 1 yanvarida keyingi davlat rahbari voz kechishi mumkin.
“Biz Ukrainaga ko‘rsatilgan iqtisodiy yordam uchun berilgan qarzlarni bekor qilish maqsadida qonunda belgilangan qadamni qo‘ydik. Endi Kongress bu qarorni qabul qilishi mumkin”, deb ta’kidlagan Miller.
Oq uy Kongressga qaror haqida ma’lum qilgach, qonun chiqaruvchilar unga qarshi e’tiroz tarzidagi qarorni qabul qilishlari mumkin. Biroq Millerning fikricha, bunday holat sodir bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Kongress tomonidan tasdiqlangan mablag‘dan Ukrainaga 5,5 milliard dollar ajratishga rozi bo‘lgandi. Shu tarzda, uning ma’muriyati Kongress tomonidan Amerika uskunalarini Ukraina foydasiga qisqartirishni qo‘llab-quvvatlash va keyin Amerika zaxiralarini to‘ldirish uchun ajratilgan mablag‘lardan to‘liq foydalanishi mumkinligini ta’kidlagandi.
Mohinur Karimova