Tramp 79 ga to‘ldi. Tug‘ilgan kunda harbiy parad o‘tkazilmoqda
Tahlil
−
14 iyun 7614 6 daqiqa
Bugun, 14 iyun kuni AQSH armiyasi tashkil etilganiga 250 yil bo‘ldi, prezident Donald Tramp esa 79 yoshga kirdi. Shu munosabat bilan katta harbiy parad o‘tkazilishi kutilmoqda.
Donald Tramp – zamonaviy Amerika siyosatining eng ziddiyatli va bahsli liderlaridan biri. U siyosiy va harbiy tajribaga ega bo‘lmasdan turib, prezidentlik lavozimiga saylangan yagona shaxs bo‘lib, demokratiya, ommaviy axborot vositalari va huquqiy tizimlarga qarshi ochiq chiqishlari bilan tanilgan. Tramp o‘zining boyligi, shov-shuvli hayoti va populistik chiqishlari orqali manipulyatsiyani siyosiy qurolga aylantirdi.
Hokimiyatga bo‘lgan munosabati harbiy paradlar, millatchilik g‘oyalari va ommaga mo‘ljallangan qat’iy chiqishlar bilan yo‘g‘rilgan Tramp Amerikada avtoritarizm xavfining jonli timsoliga aylanmoqda.
Siyosat va biznesni qorishtirgan prezident
AQSHning 45-Prezidenti Donald Tramp 1946 yil 14 iyunda Nyu-Yorkda ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanuvchi muvaffaqiyatli tadbirkorlar oilasida tug‘ilgan. U oiladagi besh farzandning to‘rtinchisi edi. Onasi shotlandiyalik, otasi esa nemis ajdodlariga ega bo‘lgan.

O‘zining so‘zlariga ko‘ra, Donald maktabda ko‘pincha muammo keltirib chiqargani sababli ota-onasi uni 13 yoshida harbiy maktabga o‘tkazgan.
Keyinchalik Donald Fordham va Pensilvaniya universitetlarida iqtisodiyot bo‘yicha tahsil oladi.
U talabalik paytidayoq ko‘chmas mulk sohasiga sarmoya kiritgan edi. Vaqt o‘tishi bilan esa oilaviy biznesning rahbariga aylanib, kompaniya nomini “The Trump Organization”ga o‘zgartiradi. Keyinchalik, u o‘zini turli yo‘nalishlarda sinab ko‘rdi: go‘zallik tanlovlariga homiylik qildi, teleshouda boshlovchilik qildi va muvaffaqiyatli biznes haqida kitob yozdi.

Bu yillar davomida Donald uch marta uylanib, ikki marta ajrashgan. OAV ayniqsa uning birinchi va ikkinchi nikohi haqida ko‘p yozgan, chunki u birinchi rafiqasi bilan ajrashmasdan turib, ikkinchi rafiqasi bilan munosabatini ochiqlagan. Umumiy hisobda, uning uch o‘g‘li va ikki qizi bor.

Donald Tramp umrining katta qismini omma e’tiborida o‘tkazgani sababli, u ko‘plab amerikaliklar uchun prezidentlikka nomzodini qo‘yishidan oldin ham tanish edi. Ba’zilar uni biznesdagi muvaffaqiyat va brend bilan tilga olsa, ba’zilar qarzdorlik va sud ishlari bilan tanir edi. Ammo 2016 yilgi saylov kampaniyasiga Respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida rasman kirishgunga qadar, Donaldni deyarli hech kim siyosatda tasavvur qila olmas edi. Uning boshqa Amerika prezidentlaridan farqi shundaki, Tramp ilgari na davlat xizmatida ishlagan va na harbiy xizmatda bo‘lgan.

Tramp kam emas, ko‘p emas, naqd 70 yoshida siyosatga qadam qo‘ydi. Prezident etib saylangach ham u Twitter (hozirgi X) orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri odamlar bilan fikr almashishda davom etib, izohlarga javob yozishdan erinmasdi.
Ikkinchi muddatdagi siyosat

Amerikaning 46-Prezidenti Jo Bayden keyingi muddatga qayta saylanish uchun o‘z nomzodini olg‘a surdi. Ammo Tramp bilan o‘tgan ilk debatdayoq demokratlar uning nomzodini olib tashlashga qaror qildi va vitse-prezident Kamola Harris kampaniya boshladi. Biroq qanchalik umidli ko‘rinmasin, Kamola yetarli ovoz to‘play olmadi.

Shunday qilib, bir muddatlik tanaffusdan so‘ng 2025 yil yanvarda Tramp yana Oq uyga qaytdi. Bu safar uning tarafdorlari orasida dunyoning eng boy odami Ilon Mask kabi milliarder va boshqa ko‘plab mashhurlar bor edi. “Forbes” hisobotlariga ko‘ra, hozirda Tramp 5 milliard dollar boylikka ega.
May oyida Yaqin Sharqqa qilgan safari davomida Qatar davlati Trampga 400 million dollarlik samolyot hadya qildi. Xulosa qilib aytganda, uni yirik mamlakat prezidenti o‘laroq, qimmatbaho sovg‘alar qabul qilishda tortinchoq deb bo‘lmaydi.
Tramp bu safar prezidentlikka saylansa, faqat Amerika muammolari bilan shug‘ullanishga, faqat fuqarolar manfaati uchun harakat qilishga va’da bergandi. Lavozimga kirishgani zahoti u o‘z tabiatiga xos tarzda shoshilinch ravishda yuzlab qaror va farmoyishlar chiqardi. Lekin sud ularning ko‘pchiligini qonunga xilof deb topdi va bekor qildi.
Eng shov-shuvli qarorlardan biri mamlakatdan noqonuniy muhojirlarni chiqarib yuborish bo‘ldi. Dastlab amerikaliklar buni juda yaxshi qabul qildi, ko‘pgina jinoyatchi va guruhlar chiqarib yuborildi. Ammo kutilmaganda “kutilgan” noroziliklar avj oldi. Birgina shu oyning boshidan Texas, Los-Anjeles va Nyu-York kabi bir qancha shtatlarda muhojirlarning chiqarib yuborilishiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Prezidentlikka kelishi bilan 24 soat ichida “dunyoni tinchitib qo‘yish”ni iddao qilgan Tramp o‘z mamlakatidagi o‘ziga qarshi namoyishlarini ham bostira olmayotir.
Rossiya-Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi mintaqaviy mojarolar ham barham topadiganga o‘xshamaydi, ayniqsa Isroilning kuni kecha Eronga qilgan hujumi Trampning mintaqadagi yadroviy qurol kelishuvlariga yomon ta’sir ko‘rsatdi. Shunday bo‘lsa-da, Tramp majburiy-ixtiyoriy ravishda Amerikaning barcha prezidentlari kabi Isroilni himoya qilishga va’da berdi va suv orqali yordam kuchlarini yubordi.
Dastlab Putin bilan ham kelishib olgandek ko‘ringan Tramp bundan ish chiqmasligini tushunib yetdi chog‘i, hafsalasi pir bo‘lganini ma’lum qildi. Tramp bilan orasi buzilgan faqat Putin emas, Mask ham do‘stlar qatoridan o‘chirildi.
Pulni behuda sovurish – har o‘ntadan oltita amerikalik paraddan norozi

Yaqin Sharq yana urush olovi ichida qolgan bir paytda Amerika o‘zining harbiy salohiyatini namoyon qilishga kirishmoqda.
Paradda taxminan 7 ming askar turli tarixiy davrlar, jumladan, Fuqarolar urushi, Koreya va Vetnam urushlari, shuningdek, har ikkala jahon urushi formalarida ko‘rinish beradi.
Bundan tashqari, 70 tonnagacha bo‘lgan oldingi urushlardan qolgan va zamonaviy og‘ir zirhli texnikalar, 30 tonnalik jangovar mashinalar va 20 tonnalik boshqa texnikalar namoyish qilinadi.

Xorijiy OAVga ko‘ra, harbiylar hozirda Vashingtonga 150 ga yaqin transport vositalari va 50 ga yaqin samolyotni harakatlantirish bo‘yicha rejalar ustida ishlamoqda. Parad jamoatchilik uchun bepul bo‘ladi, ammo soliq to‘lovchilar uchun 45 million dollarga tushishi kutilyapti.
Shuncha tayyorgarlik va xarajatlarga qaramay, “The New York Times” jurnalining yozishicha, parad yo‘li juda qisqa – 1,5 km. Ammo boshqa nashrlar masofaning 6 kilometrgacha yetishi haqida ma’lumot tarqatmoqda.
Mustaqil OAV mazkur parad Trampning tug‘ilgan kuni munosabati bilan Oq uy tashabbuskorligida o‘tkazilayotganiga ishora qilmoqda. Biroq bu rasmiy tasdiq topmagan.

Har yili Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba munosabati bilan harbiy parad o‘tkazishga ustomon Rossiyadan farqli o‘laroq, AQSH bunday tadbirlarni kamdan kam uyushtiradi. Shunday bo‘lsa-da, “The Associated Press” tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 60 foizi Trampning tug‘ilgan kunida o‘tkaziladigan harbiy paradni soliq to‘lovchilar pulidan oqilona foydalanish emas, deb hisoblamoqda.
Moliyaviy xarajatlarini inobatga olmaganda esa amerikaliklarning 40 foizi bu hashamatli tantanani ma’qullagan, 29 foizi qarshi bo‘lgan, qolganlari esa betaraf qolgan. Siyosiy qarashlar nuqtai nazaridan, demokratlarning atigi 20 foizi bunday paradni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, respublikachilarning 67 foizi bunga ijobiy munosabat bildirgan.
Xarajat masalasiga kelganda, demokratlarning 80 foizi bu sarf-xarajatni maqsadga muvofiq deb hisoblamagan. Respublikachilar esa boshqacha fikrda – ularning deyarli uchdan ikki qismi bu katta miqdordagi xarajatni ma’qullagan.

10 iyun kuni Tramp paradni g‘alati bir tarzda oqladi:
“Agar biz bo‘lmaganimizda, hozir nemischa gapirayotgan bo‘lardingiz, tushunyapsizmi? Yaponcha ham bo‘lishi mumkin edi. Balki ikkalasining aralashmasida gapirayotgan bo‘lardingiz”, dedi u jurnalistlarga.
Donald Trampning siyosiy portreti – murakkab, ziddiyatli va bir vaqtning o‘zida ta’sirchan. U kutilmagan harakatlar, o‘tkir chiqishlar va qattiq pozitsiyasi bilan tarixda o‘ziga xos chizgilar qoldirmoqda. Uning harbiy parad orqali o‘z mavqeini mustahkamlashga urinishi, migratsiya siyosatidagi keskin choralari, shuningdek, xalqaro maydondagi faoliyati ko‘pchilik tomonidan turlicha baholanmoqda. Ammo bir narsa aniq: Tramp an’anaviy siyosat doirasidan tashqarida turadigan va Amerika siyosiy hayotiga o‘z rangini bergan liderdir.
Live
Barchasi