Tramp urush ochmoqchi. Lotin Amerikasi xavf ostida

Tahlil

AQSH va Venesuela o‘rtasidagi keskinlik Lotin Amerikasi mintaqasida kuchli portlashlarni sodir qilish ehtimoli oshib boryapti. Sabab esa Maduro va uning ma’muriyati AQSHga juda katta hajmdagi narkotik moddalarni olib kirishni tashkillashtirishda ayblanmoqda. Vashingtonning da’vosicha u “Quyosh karteli” nomli jinoiy guruh orqali bu ishni amalga oshirmoqda. Shu bois Rossiyaning Ukrainaga bosqinini hech bir strategyasiz bo‘lsa ham tugashtishga urinayotgan Donald Tramp endi o‘zi shunday bosqinni Venesuelaga qarshi uyushtirishi mumkin. Bu borada Qo‘shma Shtatlar tomonidan chiqayotgan tahdidli xabarlar mamlakatning bosqinchilik tarixida yuz bergan avvalgi voqealarni yodga solmoqda. Xususan, nishon neft va boshqa tabiiy boyliklarga boy Venesuela, uning tepasidagi shaxs esa Oq uyda doim diktator sifatida talqin qilinadigan Nikolas Maduro hamda boz ustiga Vashingtonga bo‘yin egmaydigan va doim unga qarshilik qilib keladigan shahxsdir. Muammar Kaddafiy yoki Saddam Husaynga o‘xshash figura va ayni ularnikidan unchalik ham farq qilmaydigan vaziyat, shunday emasmi? Bundan tashqari “harbiy operatsiya” o‘tkazish niqobi ostida Venesuelaga bostirib kirish haqidagi yangiliklar bugun dunyo e’tiborini o‘ziga tortmoqda. O‘z o‘rnida rasmiy Karakas ham bunga tayyor. Maduro AQSHning ehtimoliy bosqiniga qarshi tayyorgarlikni boshladi. Mamlakat sohillari yaqinida AQSH kuchlari faollashgan va amerikaliklarning uchta harbiy kemasi Venesuelaga qarab yo‘lga chiqqan bir paytda Maduro millionlab politsiyachilarni yuqori shaylikka chaqirdi. Ikki o‘rtadagi keskinlik shu tariqa o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetdi. Bugun shu haqda batafsil gaplashamiz.

Dunyo yangi urush yoqasida

Joriy yil avgust oyi boshida AQSH Bosh prokurori Pem Bondi Qo‘shma Shtatlar Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 mln dollar mukofot belgilaganini ma’lum qildi. U Maduroni “xorijdagi terrorchilik tashkilotlari”dan foydalanib, AQSHga narkotiklar va «zo‘ravonlik» oqimining kirib borishida aybladi. Pem Bondi X dagi sahifasida e’lon qilgan ushbu mukofot haqidagi postida Maduroni dunyodagi eng yirik narkotik savdogarlaridan biri va AQSH milliy xavfsizligiga tahdid deb atadi. Bugungi jiddiy ziddiyatning eng asosiy start chizig‘i ham aynan shu bayonot edi. Bundan tashqari, Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ham Venesuela bo‘yicha tahdidli bayonot bilan chiqdi. U Venesuelada harbiy operatsiya o‘tkazilishi ehtimolini rad etmadi va Prezident Donald Tramp narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashda “Amerika kuchining barcha elementlaridan” foydalanishga tayyorligini ma’lum qildi. 

Bundan tashqari Kerolayn AQSH Maduroni Venesuelaning “qonuniy prezidenti emas” degan pozitsiyasini ham yana bir bor eslab o‘tdi. Ma’lumot o‘rnida shuni ham qo‘shimcha qilib o‘tish lozim, AQSH va Venesuela 2019 yildan beri rasmiy ikki tomonlama diplomatik aloqalarga ega emas. Bugun esa dunyodagi barcha diktatorlar bilan juda yaxshi chiqisha oladigan Donald Tramp negadir Venesueladagi shunday turdagi rahbarlardan biri bilan yomon munosabatda. Ustiga ustak, Kerolaynning yuqorida bayon etilgan gaplari Venesuela qirg‘oqlariga bortida 4500 ga yaqin dengiz piyoda askarlari mavjud bo‘lgan AQSHning uchta harbiy kemasi yuborilayotgani haqidagi xabarlar fonida yangradi. Bu esa vaziyat yanada jiddiylashganini anglatardi.

Chunki 19 avgust kuni rostdan ham “Reuters” agentligi Pentagondagi manbalariga tayanib, AQSH harbiy dengiz kuchlarining uchta esminetsi tez orada Karib dengizi janubiga yetib borishi va “narkokartellarga qarshi kurash bo‘yicha operatsiyalarni o‘tkazish uchun” Venesuela qirg‘oqlariga joylashtirilishi haqida xabar berdi. “The New York Times” gazetasining yozishicha esa, AQSH prezidenti Donald Tramp Lotin Amerikasidagi narkotik kartellariga qarshi harbiy kuch ishlatishni boshlash haqidagi ko‘rsatmani imzolagan. Nashrning da’vo qilishicha, Tramp bu buyruqni Pentagonga yashirin tarzda bergan va jamoatchilikka e’lon qilinmagan.

Shundan so‘ng, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro ham nihoyat AQSHdan kelayotgan tahdidlarga munosabat bildirishni boshladi. U AQSHning Venesuelaga qarshi mazkur amaliy qadamlarini mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan urinish deb atadi. Maduro Qo‘shma Shtatlar tahdidi munosabati bilan Venesuelani himoya qilish uchun Bolivar milliy politsiyasi safarbar qilinishini ma’lum qildi. U televideniyada chiqish qildi va “Amerika imperializmiga qarshi Venesuela yana bir bor g‘alaba qozonadi”, deb bayonot berdi. 

“Men harbiy shtablarda, markaziy maydonlarda va 15 751 ta mashhur yaxlit mudofaa bazalarida 23 va 24 avgust kunlari Bolivar milliy politsiyasini safarbar qilishga chaqiraman. Amerika imperializmining jinoiy tahdidiga qarshi Venesuela yana g‘alaba qozonadi”, dedi Maduro.

Maduro butun mamlakat bo‘ylab aholini ro‘yxatga olish va xalq militsiyasini shakllantirishni ham e’lon qildi. U mamlakatni himoya qilish uchun barcha ko‘ngillarni bu ishda ishtirok etishga chaqirdi. Shu o‘rinda esa u tilga olgan Bolivar milliy politsiyasi qanday tuzilma ekaniga to‘xtalsak. Bu davlat ijroiya hokimiyatiga tegishli bo‘lib, Venesuela huquqni muhofaza qilish organlaridan biridir. Mazkur tashkilot 2009 yilda AQSHning xalqaro maydondagi eng ashaddiy dushmanlaridan biri bo‘lgan Venesuelaning Madurodan oldingi prezidenti Ugo Chavez tomonidan tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashishdan iborat. Bolivar milliy politsiyasi Venesuelaning ichki ishlar va adliya vazirliklarining yurisdiksiyasi ostida faoliyat yuritadi. Bu tuzilma dastlab tashkil etilganda bor yo‘g‘i 2 400 nafar xodimga ega bo‘lgan. Ammo Maduroga ko‘ra, bugun Bolivar milliy politsiyasida 4,5 milliondan ortiq xodim faoliyat olib boradi. Venesuela rahbari esa ularning barchasidan AQSH tahdidiga qarshi foydalanmoqchi. 

Maduro uchun millionlar

Umuman olganda Maduro Venesuelada hokimiyat tepasiga kelibdiki, AQSH uni tutishni doim ma’lum miqdordagi mukofotlar bilan narxlaydi. Maduro Venesuelani 2013 yildan buyon boshqarib keladi. Shu paytgacha u barcha prezidentlik saylovlarida shubhali tarzda g‘alab qozongan. AQSH bilan keskin mojaroga kirishishi esa bevosita Donald Trampning hokimayt tepasiga kelishi bilan bog‘liq. Tramp uni doim, o‘zining birinchi prezidentlik mandatidan buyon narkokartellar va xalqaro kokain savdosi tarmog‘i bilan aloqada ayblab keladi. Donald Tramp shunday vajlar bilan Maduroga hujum qilishni 2018 yilda boshlagan. O‘shanda Qo‘shma Shtatlar Nikolas Maduroning 2018 yilgi saylovlardagi g‘alabasini tan olmadi va uni qonuniy prezident deb hisoblashdan bosh tortdi. 2020 yilda esa ular o‘rtasidagi ziddiyat hibsga olish tahdidigacha bordi. AQSH 2020 yilda Maduroni narkotrafik bo‘yicha ayblab, uni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollar va’da qildi. Keyinchalik esa bu summa har safar 1.5 yoki 2 baravar oshib bordi.

Oradan vaqt o‘tib, Maduroni yana tan olish bilan bog‘liq muammo ta’qib qila boshladi. Bu safar Bayden ma’muriyati uning 2024 yil 28 iyulda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasini tan olmadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning amaldagi Prezidenti Nikolas Maduro bu saylovda g‘alaba qozondi va u uchinchi muddatga qayta saylandi. Ammo muxolifatga ko‘ra, Edmundo Gonsales 70 foizdan ortiq ovoz to‘plagan holda yutgandi.

Muxolifat saylov uchastkalarining 80% dan ortig‘ining protokollarini e’lon qildi, bu esa Gonsales saylovda sezilarli farq bilan g‘alaba qozonganini ko‘rsatdi. Maduroni g‘olib deb e’lon qilgan Milliy saylov kengashi esa protokollarni negadir e’lon qilmadi. Shunchun muxolifat bu natijalarni soxtalashtirilgan deb hisobladi va oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ommaviy noroziliklar boshlanib ketdi. Bu paytda AQSH ham mazkur shubhali natijalar fonida saylov yakunlari “Venesuela xalqining irodasini aks ettirmasligi va asl g‘olib sifatida Vashington muxolifat yetakchisi Edmundo Gonsalesni tan olishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, o‘tgan yil kuzda AQSH hukumati Maduroning samolyotini musodara qildi. Venesuelada esa bu harakat «qaroqchilik» deb baholangandi.

Trampning ashaddiy dushmani

Joriy yil Bayden hokimiyatni rasman topshirishiga 10 kun qolganda AQSH Venesuelaning qayta saylangan Prezidenti Nikolas Maduroning hibsga olinishiga yordam beradigan ma’lumot uchun 25 million dollar va’da qildi. Vashington Maduroning saylovlardagi g‘alabasini tan olmaslikda davom etdi. Bu paytga kelib, AQSH tomonidan qo‘lga olinishi uchun pul tikilgan yana bir necha nafar Maduroga yaqin insonlar ham bore di. Ular Venesuela Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelo va Mudofaa vaziri Vladimir Padrinolardir. Joriy yil 10 yanvar kuni AQSH Moliya vazirligi Nikolas Maduroning hokimiyat tepasiga kelishiga va uning repressiv siyosatiga hissa qo‘shgan Venesueladagi yana bir qator jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan ham sanksiyalar joriy qildi.

“Qora ro‘yxat”ga kiritilganlar orasidan davlat neft kompaniyasi rahbari Ektor Andres Obregon, Transport vaziri va CONVIACA milliy aviakompaniyasi prezidenti Ramon Selestino Velaskes, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Feliks Ramon Osorio kabilar joy oldi. Shuningdek, Buyuk Britaniya ham Maduroning 15 hamkoriga qarshi sanksiya kiritdi. London ham prezidentlik saylovlari natijalari va Maduroning ulardagi g‘alabasini tan olmasligini e’lon qilgandi. O‘z o‘rnida Yevropa Ittifoqi ham Maduro inauguratsiyasi kuni Venesuelaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Maduro esa o‘ziga nisbatan millionlab dollar pul tikilgan va Venesuelaga G‘arb tomonidan sanksiyalar yog‘dirilayotgan bir paytda ashaddiy raqibi Edmundo Gonsales Urrutiyani hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 100 ming AQSH dollari miqdorida mukofot e’lon qilib, uni tutish bilan ovora edi.

Bundan tashqari, Maduro xalqaro maydonda, xususan Karib havzasida AQSH ta’siriga to‘siq bo‘lishga ham urinib keladi. Masalan, u joriy yilda Puerto-Rikoni dekolonizatsiya qilish va hududni amerikaliklardan ozod etishni talab qildi. Maduro o‘shanda AQSH kolonizatsiya dasturiga ega bo‘lsa, Lotin Amerikasida o‘zining ozodlik dasturi borligi, bu dastur esa Janubiy Amerika mustaqilligining ramzi Simon Bolivar tomonidan yozilganini aytib chiqqandi. U Puerto-Rikoning ozodligi yaqinlashayotgani va Venesuela uni AQSH changalidan qutqarishda Braziliya qo‘shinlaridan yordam olishini ta’kidlab, Vashingtonning jig‘iga tegdi. Biroq amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 1898 yildan beri Puerto-Rikoning maqomi juda g‘alati. U alohida mustaqil suveren davlat ham yoki AQSHning biror shtati ham hisoblanmasada, baribir AQSH hududi sanaladi. Bu esa ularni amerikaliklarda bo‘lgan ayrim imtiyozlari bilan ta’minlaydi. Lekin AQSH saylovlarida qatnashish huquqi bundan mustasno. So‘rovnomalarga ko‘ra, aksariyat puerto-rikoliklar AQSHga shtat sifatida qo‘shilishni istaydi.

Tramp ikkinchi bor prezidentlik muddatini boshlaganidan so‘ng, AQSHga qarshi shunday targ‘ibotlarni olib brogan Maduro bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, avgust oyiga kelib, uni qo‘lga olishda yordam uchun 25 million dollarlik mukofot, 50 milliongacha ko‘tarildi.

Shuningdek, Tramp Maduroni bir necha bor diktator deb atagan. Shu yil boshida esa Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng Venesuela neftini qazib olish va yetkazib berishga ruxsatni bekor qilgandi. Bundan tashqari jinoiy to‘da a’zolari deya gumon qilingan venesuelalik muhojirlarni ommaviy ravishda deportatsiya ham qildi.

AQSH kemalari yetib kelmoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan Venesuela qirg‘oqlari yaqinida joylashtirishi buyurilgan Qo‘shma Shtatlarining uchta harbiy kemasi hafta oxirigacha yetib kelishi mumkinligi aytilmoqda. Nashrlar Oq uyga yaqin manbalariga tayanib, AQSHning uchta “Aegis” tipidagi boshqariladigan raketa esminetlaridan iborat amfibiya eskadroni joriy hafta yakshanba kuni yetib kelishi mumkinligi haqida xabar berdi. “Reuters” agentligiga ko‘ra, ular USS San Antonio, USS Ivo Jima va USS Fort Lauderdale kabi kemalardir. Ularda jami 4500 nafar amerikalik harbiy, shu jumladan 2200 nafar dengiz piyoda askari mavjudligi aytilmoqda. Eskadronning aniq missiyasi haqida batafsil ma’lumot yo‘q, ammo ularning missiyasi AQSH milliy xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lish ehtimoli yuqori. “Al-Jazira”ning Lotin Amerikasi muharriri Lyusiya Nyumanning xabar berishicha, Maduro keyingi 30 kun davomida barcha uchuvchisiz uchoqlarni harakatga keltirishni buyurgan. Bu esa AQSH Venesuelaga dengizdan emas, balki havodan hujum qilishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Harbiy tahlillarga ixtisoslashgan va rasmiy statistik ma’lumotlardan foydalanadigan “Global Fire Power” sayti Venesuelaning 2025 yilgi militar reytingdagi salohiyatini 145 mamlakat orasida 50-o‘rinda baholagan. AQSH esa doimgidek bundy ro‘yxatlarning barchasi peshqadam.Mintaqadagi ko‘pchilik Tramp nega “o‘zini global tinchlikparvar sifatida ko‘rsatar ekan, Qo‘shma Shtatlar hovlisida bunday tajovuzkor harakatni” amalga oshirmoqchiligiga qiziqmoqda. Bunday harakat esa Trampning «tinchlikparvar» prezident sifatida gavdalanishiga putur yetkazishi turgan gap. Ammo nima bo‘lishi, Venesuela bo‘yicha qanday qaror qabul qilinishi yaqin soatlarda aniq bo‘ladi. Ko‘ramiz, Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishi kutilayotgan AQSHning amaldagi Prezidenti Lotin Amerikasining asov tabiat davlatiga qarshi qanday yo‘l tutadi?


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Venesuela Buyuk Britaniya Evropa Ittifoqi Nikolas Maduro Oq uy Bayden Donald Tramp Puerto-Riko Lotin Amerika Aegis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing