AQSHda gepatit D’ga qarshi dori yaratildi
Salomatlik
−
25 may 842 2 daqiqa
AQSH Oziq-ovqat va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) surunkali D gepatitini davolash uchun dori vositasini ilk marta tasdiqladi. Bu haqda “Gilead Sciences” kompaniyasi xabar qildi.
Kompaniya ishlab chiqqan Hepcludex (bulevirtid) preparati haqida ketmoqda. Gepatit D (HDV) virusli gepatitning eng og‘ir shakli hisoblanadi. Chunki u tezda jigar sirrozi, jigar saratoni, jigar yetishmovchiligi va o‘limga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, D gepatiti mustaqil mavjud bo‘lmaydi – u faqat B gepatiti bilan zararlangan odamlarda rivojlanadi.
Kompaniyaning ma’lumotiga ko‘ra, AQSHning o‘zida taxminan 40-80 ming kishi ushbu kasallik bilan yashaydi. Dunyo bo‘yicha esa bemorlar soni 12 million atrofida. Shu vaqtgacha AQSHda gepatit D uchun tasdiqlangan davolash usuli umuman bo‘lmagan.
Hepcludex (bulevirtid) har kuni in’eksiya ko‘rinishida qo‘llanadi. Preparat virusning jigar hujayralariga kirishini bloklaydi va infeksiya tarqalishini sekinlashtiradi. AQSH Oziq-ovqat va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi preparatni og‘ir kasalliklar uchun qo‘llanadigan tezlashtirilgan tartibda tasdiqlagan.
Tadqiqotda 150 nafar bemor ishtirok etgan. Ular uch guruhga ajratilgan: bir qismiga 2 milligramm, boshqa qismiga 10 milligramm bulevirtid berilgan, nazorat guruhi esa vaqtincha virusga qarshi davo olmagan. Davolash 48 hafta davom etgan. Natijada preparat qabul qilgan bemorlarning taxminan 48 foizida virus yuklamasi sezilarli darajada kamaygan va jigar fermentlarining ko‘rsatkichlari me’yorga kelgan. Nazorat guruhida esa, bunday natija atigi 2 foiz bemorda kuzatilgan. Kuzatuvlarga ko‘ra, 144 haftalik terapiyadan keyin bemorlarning yarmida virus aniqlanmaydigan darajaga tushgan.
Shu bilan birga, AQSH Oziq-ovqat va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi muhim ogohlantirish ham bergan: davolashni keskin to‘xtatish B va D gepatitlarining bir vaqtning o‘zida kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin, ayniqsa jigari og‘ir zararlangan bemorlarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt nevrologik kasalliklarni davolash uchun yangi dorilarni tezroq izlashda muhim vositaga aylanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi