AQSH bilan kelishuv hali yaqin emas – Baqoiy
Olam
−
25 may 1730 1 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy AQSH bilan muzokaralarda ma’lum natijalarga erishilganini, ammo kelishuv imzolanishi hali yaqin emasligini bildirdi. Bu haqda BBC xabar qildi.
Uning aytishicha, muhokama qilinayotgan masalalarning katta qismi bo‘yicha tomonlar muayyan xulosalarga kelgan, biroq bu yaqin vaqt ichida bitim tuzilishini anglatmaydi.
Baqoiyning bayonoti AQSH Davlat kotibi Marko Rubio kelishuv bo‘yicha yaqin kunlarda yangilik bo‘lishi mumkinligini aytganidan so‘ng yangragan. Rubio tomonlar o‘rtasidagi aloqalar davom etayotganini, ammo Erondan javob kutishga vaqt kerakligini ta’kidlagandi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, muhokama qilinayotgan hujjat 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish muddatini uzaytirish, Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha qo‘shimcha muzokaralarni nazarda tutadi.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonlar kelishuvga yaqinlashayotganini aytgan edi. Keyinroq u muzokarachilarga jarayonni tezlashtirmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilganini ham ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, ehtimoliy kelishuv hali yakuniy emasligi aytilmoqda. Sanksiyalarni yumshatish, Eronning muzlatilgan mablag‘larini qaytarish va Tehronning yadroviy dasturiga doir eng bahsli masalalar keyingi bosqichlarda muhokama qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron urushni yakunlash hamda Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashgan edi.
Live
Barchasi