Bayden Rossiyani AQSHdagi aktivlaridan judo qilmoqchi 

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden Kongressga rossiyalik ishbilarmonlar bilan bog‘liq mulklarni musodara qilish va undan tushgan mablag‘ni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga sarflash bo‘yicha takliflar yuboradi. Bu haqda bugun, 28 aprel kuni e’lon qilingan Oq uyning yozma bayonotida so‘z borgan.

Hujjatda aytilishicha, bu takliflar to‘plami rossiyalik tadbirkorlar bilan bog‘liq bo‘lgan mulkni musodara qilish bo‘yicha yangi vakolatlarni yaratadi hamda hukumatga olingan mablag‘larni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va huquqni muhofaza qilishning tegishli mexanizmlarini yanada kuchaytirish uchun ishlatish imkonini beradi.

Oq uyning qo‘shimcha qilishicha, bu taklif oligarxlarning aktivlarini musodara qilish jarayonini soddalashtirish, musodara qilinishi kerak bo‘lgan aktivlar doirasini kengaytirish, shuningdek, daromadlarning Ukrainaga o‘tishiga yo‘l qo‘yishga qaratilgan. 

Shuningdek, gap AQSH sanksiyalari ostidagi rossiyalik oligarxlarga tegishli bo‘lgan va ayrim noqonuniy harakatlar bilan bog‘liq mulkni musodara qilish bo‘yicha G‘aznachilik va Adliya departamentlari ishtirokidagi yangi, soddalashtirilgan ma’muriy jarayon haqida bormoqda. Bundan tashqari, Prezident Kongressga va Kiyevga qo‘shimcha harbiy yordam so‘rab murojaat qiladi.

Bundan tashqari, AQSH Prezidenti rossiyalik ishbilarmonlar tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilgan mulkni musodara qilishni ham taklif qiladi. 

“Ushbu taklif rossiyalik oligarxlar tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilgan mulkni musodara qilish imkonini beradi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar sanksiyalarni buzishdan tushgan mablag‘ni musodara qilishi mumkin, lekin sanksiyalarni buzish uchun foydalanilgan mulkni musodara qila olmaydi. Bu taklif mazkur bo‘shliqni to‘ldiradi”, deyiladi murojaatda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

9

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing