Bayden Markaziy Osiyoga, ehtimol O‘zbekistonga keladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga kelishi mumkin. Bu haqda u kecha, 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ma’lum qildi

AQSH rahbari mazkur sammitni tarixiy deb atagan. 

“Menimcha, bu tarixiy lahza. Biz Markaziy Osiyo va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ko‘p yillik yaqin hamkorlikka asoslanyapmiz – bu sheriklik suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikka bo‘lgan umumiy sadoqatimizga asoslanadi. Bu tamoyillar har qachongidan ham muhimroq, nazarimda. Bugun esa hamkorligimizni yangi cho‘qqilarga olib chiqyapmiz”, degan Bayden.

Shuningdek, Jo Bayden terrorizmga qarshi hamkorlik, mintaqaviy iqtisodiy aloqalar mustahkamlanayotganini, nogironlar huquqlari bo‘yicha yangi tashabbus boshlanganini qayd etgan. 

“Men ushbu uchrashuvni davom ettirishni chin dildan kutaman, chunki biz kuchliroqmiz va beshta davlat birlashganda dunyo xavfsizroq bo‘lishiga chin dildan ishonaman. Harakatlaringiz uchun sizga katta rahmat. Men sizni tez orada, ehtimol mamlakatlaringizdan birida ko‘rishni orziqib kutaman”, deya so‘zini yakunlagan AQSH Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 sentyabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tgandi. Unda AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlari qatnashgandi. Sammitdan so‘ng “Forbes” nashri AQSH Prezidenti Jo Baydenning yangi geostrategik tashabbusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muhim rol o‘ynashini yozgan.

Agar Jo Bayden Markaziy Osiyoga tashrif buyursa, manzil katta ehtimol bilan yo O‘zbekiston yoki Qozog‘iston bo‘lishi mumkin. Chunki joriy yilning 28 fevral – 1 mart kunlari AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken o‘z faoliyati davomida birinchi marta Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lib, qator masalalarni muhokama qildi. Shuningdek, u Prezident Jo Baydenning mesejlarini yetkazdi. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Markaziy Osiyo Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing