Bayden Xitoyning sotsialistik qo‘shnisi bilan aloqalarini yaxshilamoqchi
Olam
−
11 Sentabr 2023
6642Amerika Qo‘shma Shtatlari va Vetnam o‘zaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirish niyatida. Bu haqda Oq uyning ikki tomonlama strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi munosabati bilan bergan bayonotida aytildi.
Ma’lumki, AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 10 sentyabr kuni Hindistonda G20 sammiti yakunlangandan so‘ng Vetnamga borgan va Kommunistik partiya markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi Nguyen Fu Chong bilan uchrashgan.
Yetakchilar Janubiy Xitoy dengizida navigatsiya erkinligi, tahdidlar va kuch ishlatishga qarshi ekanini e’lon qilgan.
Shuningdek, AQSH va Vetnam rahbarlari BMTning dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq, mintaqa davlatlarining eksklyuziv iqtisodiy zonalari va kontinental shelflari ustidan suvereniteti va yurisdiksiyasi tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirgan.
Qayd etish joizki, Pekin o‘nlab yillar davomida mintaqaning bir qancha davlatlari bilan Janubiy Xitoy dengizidagi shelfida uglevodorodlarning katta zaxiralari topilgan bir qator orollarning hududiy egaligi to‘g‘risida bahslashmoqda. Gap birinchi navbatda Xisha arxipelagi (Parasel orollari), Nansha va Xuanyan orollari (Skarboro rifi) haqida bormoqda. Bruney, Vetnam, Malayziya va Filippin ham turli darajada bahsda ishtirok etmoqda. 2013 yil oxiridan boshlab Xitoyda sun’iy orollar yaratish, shuningdek, ushbu hududlarni kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli gidrotexnika va qurilish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, ikki dvalat mudofaa va xavfsizlik sohalarida aloqalarni kengaytirishga kelishib olgan. Bayden va Fu Chong harbiy-texnik sohadagi hamkorlikni har bir tomon shartlaridan kelib chiqqan holda yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan. Qo‘shma Shtatlar Vetnamning mudofaa qobiliyatini mamlakat ehtiyojlari va mavjud ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlariga muvofiq rivojlantirishda bundan keyin ham yordam berishga tayyorligini bildirgan.
O‘z navbatida, Prezident Bayden va Bosh kotibi Nguyen Fu Chong Ukrainada adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatilishi tarafdori ekanini ma’lum qilgan.
“Ukraina masalasiga to‘xtalib, ikki davlat yetakchilari BMT Nizomi va xalqaro huquq normalariga muvofiq keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish zarurligini ta’kidladilar”, deyiladi Oq uy matbuot xizmati xabarida.
Ma’lumot uchun, Vetnam va AQSH urush tufayli uzilib qolgan o‘zaro aloqalarni 1995 yilda rasman qayta tiklagan va 2013 yil iyul oyida ular o‘z darajasini keng qamrovli hamkorlik darajasiga ko‘targan. O‘tgan davr mobaynida Qo‘shma Shtatlar Vetnamning ikkinchi yirik savdo-iqtisodiy hamkoriga aylandi: tovar ayirboshlash 1994 yildagi 450 million dollardan 2022 yilda 123,86 milliard dollargacha oshdi. Vetnamning AQSHga eksportining yillik o‘sishi so‘nggi o‘n yil ichida o‘rtacha 20% ni tashkil etgan. Vetnam Qo‘shma Shtatlarning dunyodagi sakkizinchi yirik savdo sherigi va ASEAN davlatlari orasida eng kattasi hisoblanadi. Amerika biznesi sotsialistik respublikada umumiy kapitali 11,79 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 1286 ta loyihani o‘z ichiga oladi.
LiveBarchasi