Bayden G‘ani bilan AQSH qo‘shinlarini Afg‘onistondan chiqarishni muhokama qildi
Olam
−
15 aprel 2021
3101AQSH Prezidenti Jo Bayden Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqot qildi. Tomonlar Amerika qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarishni muhokama qildi. Bu haqda Oq uy Matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida Bayden va G‘ani AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqqanidan keyin ham mustahkam ikki tomonlama munosabatlarga sodiq qolishga kelishib olgan.
“Ular so‘nggi 20 yilda qurbon bo‘lgan amerikalik askarlar, ularning NATO bo‘yicha ittifoqchilari va hamkorlari hamda afg‘on xalqi va afg‘on harbiylari uchun mushtarak hurmat va minnatdorlik bildirdi”, deyiladi Oq uy xabarida.
Muloqot chog‘ida Bayden AQSH insonparvarlik yordami va xavfsizlik sohasidagi yordamni ko‘paytirish orqali afg‘on xalqini qo‘llashda davom etishini ta’kidagan. Ikki Prezident ham afg‘on xalqi tinch yashashi uchun siyosiy yechim topish kerakligini alohida urg‘ulagan.
Ashraf G‘ani ham Bayden muloqoti haqida ma’lumot berib, sentyabrgacha AQSH askarlarining mamlakatdan chiqarilishini tasdiqlagan.
“Bugun men AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali muloqot qildim va biz sentyabr oyidan Amerikaning Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish qarorini muhokama qildik. Afg‘oniston Islom Respublikasi AQSH qarorini hurmat qiladi. Biz AQSHdagi hamkorlarimiz bilan asosiy o‘tishni ta’minlash uchun birgalikda ishlaymiz. Hamkorligimizning keyingi bosqichiga o‘tar ekanmiz, tinchlik harakatini davom yettirish uchun AQSH va NATO hamkorlarimiz bilan ishlashda davom etamiz”, degan G‘ani Twitter sahifasida.
G‘anining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik va mudofaa kuchlari "o‘z xalqi va mamlakatini himoya qilishga qodir."
Avvalroq, Jo Bayden 11 sentyabrgacha Afg‘onistondagi barcha AQSH askarlarini mamlakatdan chiqarish niyatida ekanini aytgandi. Harbiylarni chiqarish ishlari may oyidan boshlanishi kerak.
OAVda AQSH ortidan uning ittifoqchisi Buyuk Britaniya ham Afg‘onistondagi harbiy kontingentini ortga qaytarishini haqida ma’lumotlar tarqaldi.
O‘z navbatida “Tolibon” harakati Xalqaro kuchlar Afg‘onistonni tark etmaguniga qadar hech qanday tinchlik muzokaralarida ishtirok etmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi