Bayden G7 sammitiga Rossiyaga qarshi sanksiya va Ukraina xavfsizligi bo‘yicha kelishuv bilan keldi
Olam
−
13 iyun
4805AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 12 iyun kuni Air Force One samolyotida Italiyaning Brindizi shahridagi xalqaro aeroportga G7 davlatlari yetakchilari sammitida ishtirok etish uchun keldi. Bu haqda “Amerika Ovozi” xabar berdi.
U Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar, Ukraina uchun yangi ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvi bilan keldi. Biroq G‘azo sektoridagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda hech qanday yutuq bo‘lmadi.
“HAMASning taklifga munosabatini ko‘rib chiqqach, Qo‘shma Shtatlar vositachilar Misr va Qatar bilan ishlamoqda. Taklif etilayotgan o‘zgarishlarning ko‘pi kichik va kutilmagan emas. Boshqalari BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasida belgilanganidan sezilarli darajada farq qiladi”, degan Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Italiyaga ketayotgan Prezident samolyoti bortidagi jurnalistlarga.
Bayden Italiyaga uchar ekan, AQSH Moliya vazirligi Rossiyaga yarimo‘tkazgichlar sotuvchi shaxslar va kompaniyalarga, shu jumladan Xitoyda joylashgan kompaniyalarga nisbatan yangi sanksiyalarni e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Italiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitida Kiyevning shoshilinch gumanitar, energiya va barqarorlik ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Ukrainaga 242 million funt sterling (taxminan 309 million dollar) ajratmoqchi ekani xabar qilingandi.