Bayden Amerikaning asosiy dushmanini ma’lum qildi
Olam
−
07 iyun 2021
17330AQSH Prezidenti Jo Bayden Amerika uchun asosiy terrorchilik tahdidi nima ekanini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, oq tanlilarning ustunlik sari intilishi Amerikaning asosiy dushmanidir.
“Razvedka hamjamiyatining fikriga ko‘ra, bugungi kunda vatanimiz uchun asosiy tahdid ISHID yoki “Al-Qoida” terroristik tashkiloti emas, balki oq tanlilarning ustunlik harakatidir. Nafratni yengib bo‘lmaydi, u shunchaki yashirinadi. Nufuzli odamlar unga ozgina kislorod beradi va u yashiringan joyidan chiqib, go‘yo umuman yo‘q bo‘lib ketmaganday, yana o‘zini namoyon qiladi. Biz nafrat uchun boshpana berolmaymiz va bermasligimiz ham kerak”, degan Amerika rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u ikki hafta oldin “COVID-19 pandemiyasi paytida nafratga qarshi jinoyatlar to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan. Shuningdek, Bayden uning ma’muriyati “dahshatli nafrat jinoyatlari oqibatida ichki terrorizm va zo‘ravonlikka qarshi keng strategiyani taqdim etishini” ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yil 25 may kuni Minneapolisda 46 yoshli amerikalik Jorj Floyd sobiq politsiyachi Derek Shoven tomonidan o‘ldirilgandi. Internetda sobiq politsiyachi Floydning bo‘yniga tizzasini bosgan va u nafas ololmayotganini takrorlagan videorolik ko‘plab amerikaliklarning g‘azabiga sabab bo‘lgandi. Politsiya shafqatsizligiga qarshi norozilik namoyishlari Minneapolisni, keyin Amerikaning boshqa shaharlarini qamrab olgan va hatto, AQSH tashqarisiga ham tarqalgandi.
Bir qator shaharlarda norozilik namoyishlari tartibsizliklarga, buzg‘unchilik harakatlariga, do‘konlarni yoqish va talon-toroj qilishga, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlarga olib kelgan. Sobiq politsiyachi Derek Shoven qasddan odam o‘ldirish, shuningdek, ehtiyotsizlik tufayli Floydning o‘limiga sababchi bo‘lganlikda aybdor deb topilgandi.
LiveBarchasi