Bangkokdagi yong‘inda 27 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
13 iyul 1652 2 daqiqa
Tailand poytaxti Bangkokdagi “Rong Beer Na Lat Phrao” barida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 27 kishi halok bo‘lib, yana 63 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 13 iyulga o‘tar kechasi Bangkokning shimoliy qismida joylashgan “Rong Beer Na Lat Phrao” barida yuz bergan. Yong‘indan keyin 22 nafar jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Rasmiylarning bildirishicha, yong‘in shiftdagi konditsioner tizimida yuzaga kelgan qisqa tutashuv sabab boshlangan. Alanga tez tarqalib, bino ichini qalin tutun qoplagan.
“Barda ikkita favqulodda chiqish yo‘li bor edi. Ulardan biri oshxona yonida bo‘lib, yo‘li pivo qutilari bilan, ikkinchisi esa stol bilan to‘sib qo‘yilgani sababli evakuatsiya qiyinlashdi. Hodisa sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertlarining xulosasini kutishimiz kerak”, dedi Bangkok gubernatori Chadchart Sittipunt.
Oqibatda ko‘plab odamlar orqa tomondagi oshxona va hojatxona tomon qochishga majbur bo‘lganini qo‘shimcha qildi gubernator.
“Biz qutqaruv va qidiruv guruhini ichkariga yubordik va hojatxonada ko‘plab odamlar borligini aniqladik. Ularning aksariyati alanga binoning old qismida ekanini ko‘rib, orqa tomonga qochishga uringan”, dedi o‘t o‘chiruvchi Chakrit Xongkom.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in boshlangach, ichkarida vahima yuzaga kelgan. Dastlab kuygan hid sezilgan, oradan ko‘p o‘tmay esa shift yonayotgani ko‘ringan. Tovushni yutish uchun o‘rnatilgan ko‘pikli shift qoplamalarining qulab tushishi oqibatida ayrim tashrif buyuruvchilar jarohat olgan.
Hozirda sud-tibbiyot ekspertlari va tergov organlari yong‘in sabablarini hamda favqulodda chiqish yo‘llarining nega berkitib qo‘yilganini aniqlash bo‘yicha tergov olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 iyul kuni Toshkent shahridagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi