Baxtiyor Saidov Lavrov bilan uchrashgani Moskvaga otlanyapti
Olam
−
17 may 2023
5728O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 21-22 may kunlari Moskvada amaliy tashrif bilan bo‘ladi va uning Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralari rejalashtirilgan. Bu haqda bugun, 17 may kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
“21-22 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasida amaliy tashrif bilan bo‘ladi. Moskvada bo‘lishi doirasida u Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazadi”, deydi Zaxarova.
Uning bildirishicha, uchrashuvda strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan ikki tomonlama siyosiy hamkorlikning butun majmuasini, shuningdek, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar xarakterdagi bir qator dolzarb masalalarni ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari davlatlararo muloqotni rivojlantirish masalalarini ham muhokama qiladi.
“Vazirlar hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo va uning chekkasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga qo‘shilayotgan muvofiqlashtirilgan hissani hisobga olgan holda mintaqaviy vaziyat yuzasidan fikr almashadilar”, deya qo‘shimcha qilgan Zaxarova.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Yevrosiyo makonidagi asosiy integratsiya jarayonlari, qolaversa, qit’a davlatlari uchun umumiy ahamiyatli muammolarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sergey Lavrov so‘nggi bor O‘zbekistonga joriy yilning 13-14 may kunlari Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining tor va kengaytirilgan shakldagi yig‘ilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgandi. Tashrif bahonasida u alohida matbuot anjumani o‘tkazib, AQSHga nisbatan bor zaxrini sochib ketgandi.
LiveBarchasi